16:24 / 02.02.2016
3142

"O‘zavtosanoat" AK tizimidagi korxonalar o‘rtasida mehnat sharoitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazildi

"O‘zavtosanoat" AK xavfsizlik talablari va mehnat gigiyenasini ta'minlash, shikastlanishni kamaytirish, ishlab chiqarish madaniyati va estetikasini yaxshilash bo‘yicha avtomobilsozlik tarmog‘ining eng yaxshi korxonasini aniqlash uchun 2015 yilda o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovni yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tanlovning birinchi bosqichida eng yuqori ball to‘plagan 31 korxonada ishlab chiqarish madaniyati va estetikasi, mehnat faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar tanlov tashkiliy qo‘mita a'zolari tomonidan o‘rganildi. Natijada korxonalarda mavjud bo‘lgan barcha nosozliklar aniqlandi va ko‘rik-tanlov hakamlar hay'ati “O‘zavtosanoat” AK tarkibiga kiruvchi korxonalar rahbarlariga ishlab chiqarishning tashkiliy qismi bo‘yicha o‘zining amaliy faoliyatidagi ilg‘or tajribasini o‘rganib olish hamda undan foydalanish bo‘yicha maslahatlar berdi. O‘tkazilgan monitoring materiallari va birgalikda olib borilgan muhokamalar natijasida esa g‘oliblar aniqlandi.

"Ishchi xodimlarni xavfsiz mehnat sharoiti bilan ta'minlash, ishlab chiqarishdagi yuqori estetika va madaniyat bo‘yicha eng yaxshi korxona" nominatsiyasida, birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni mos ravishda "O‘z-Chasis" MChJ QK, "O‘z-Iraye Keybl" MChJ QK va "O‘z-Iraye Klimat kontrol" MChJ QK egalladi.

"Xavfsiz mehnat sharoiti bilan ta'minlash, ishlab chiqarishdagi yuqori estetika va madaniyat bo‘yicha eng yaxshi sex (uchastka)" nominatsiyasi bo‘yicha sovrinli uchta o‘ringa, "GM Uzbekistan" AJning bo‘yash sexi, "General Motors Powertrain Uzbekistan" AJning silindrlar blokiga mexanik ishlov berish uchastkasi, "O‘z-Tong Xong" QK payvandlash sexlari munosib deb topildi.

"Xavfsiz mehnat sharoiti bilan ta'minlanganlik, ishlab chiqarishdagi yuqori estetika va madaniyat bo‘yicha eng yaxshi brigada" nominatsiyasi bo‘yicha birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni mos ravishda “Farg‘onaavtotexxizmat” AJ TXS, “Samavto” MChJning payvandlash sexi va “Andijonavtotexxizmat” AJ TXS jamoalari egalladi.

G‘oliblarga "O‘zavtosanoat" AK va "O‘zmetmashsanoat" kasaba uyushmasi Markaziy kengashining qo‘shma diplomlari hamda pul mukofotlari topshirildi.

 

Top