13:44 / 02.02.2016
3044

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi M.Abdusalomov va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA) hamda Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasining bosh kotibi Kim Yon Xi tomonidan imzolangan hujjatda ikki tomonning saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni va saylov amaliyotini takomillashtirish sohasida tajriba almashish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish sohasida axborot almashish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar va loyihalar amalga oshirish nazarda tutilgan.

Ma'lumot uchun, BSOA xalqaro tashkilot sifatida 2013 yil oktabr oyida tashkil topgan. Qarorgohi Inchxon shahrida (Koreya Respublikasi) joylashgan. Hozirgi vaqtda u 102 mamlakatning 106ta saylov organini birlashtiradi. Tashkilotning maqsadi ochiq, shaffof saylovlar tashkil qilish va o‘tkazish masalalarida axborot hamda tajriba almashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikka ko‘maklashishdan, shuningdek saylov organlarini demokratik saylov o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslarini, kasbiy darajasini mustahkamlash va rivojlantirishda qo‘llab quvvatlashdan iboratdir.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi BSOAning to‘laqonli a'zosi hisoblanadi.

Top