08:38 / 02.02.2016
11246

Samsung Galaxy S7 smartfoni rasman 21 fevralda namoyish qilinishi mumkin

Evan Blass ismli bloger (@evleaks) Samsung kompaniyasining YouTube’dagi rasmiy kanalida joylashtirilgan videodan skrinshot chop etdi. Unga ko‘ra, Janubiy Koreya kompaniyasi Barselonada Mobile World Congress 2016 (MWC 2016) ko‘rgazmasi ochilishidan bir kun avval, ya'ni 21 fevralda Galaxy smartfonlar qatori haqida qandaydir yangi ma'lumot berishga va'da bermoqda. Bu ko‘rgazma ko‘lami va Samsung’ning rasmiy e'loni anonsning ancha muhimligidan darak beradi. Ehtimol bu kuni kompaniyaning yangi Samsung Galaxy S7 smartfoni namoyish qilinar.

Bir necha kun avval bir manba Galaxy S7 va Galaxy S7 Edge smartfonlarining fotosuratini chop etgandi.

Suratlarga qaraganda, yangi smartfon avvalgi modellardan deyarli farq qilmaydi. Manbalarning ma'lumotlariga ko‘ra, Samsung Galaxy S7 va S7 Edge smartfonlari mos ravishda 5,1 va 5,5 dyuymli QHD ko‘rsatish qobiliyatiga ega (2560 × 1440 nuqta) Super AMOLED displeylari, Qualcomm Snapdragon 820 va Samsung Exynos 8890 protsessorlari, 4 Gbayt tezkor xotira, 32 yoki 64 Gbaytli flesh-xotira, microSD xotira kartalari uchun slot, barmoq izlari skaneri, 12 Mp li BRITECELL orqa kamera va selfi uchun 5 Mp li old kamera bilan jihozlanadi. Galaxy S7 va Galaxy S7 Edge’ning tez quvvatlanish funksiyasiga ega akkumulyatorlari hajmi mos ravishda 3000 va 3600 mA•soatni tashkil qiladi.

Ikkala qurilma ham IP67 standarti bo‘yicha suv va chang tushishidan himoyaga ega, yangi Android Marshmallow operatsion tizimida ishlaydi. Smartfonlar, aytilishicha, 11 martdan sotuvga chiqariladi.

Top