10:41 / 02.02.2016
7239

Toshkentlik haydovchilar “Toshshaharnur” DUK rahbariga minnatdorchilik maktubini yo‘llashdi

2016 yilning 18 yanvar sanasida bir guruh haydovchilar Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasida yo‘lning avtomobil harakatlanadigan qismida asfalt qatlami orasidan chiqib turgan va avtomobil shinalariga bir necha bor shikast yetishiga sabab bo‘lgan metall qoldiqlarini kesib olib tashlash maqsadida borgan edi.
Mazkur ishda “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasining xodimlari – elektrmontyorlar Mirzatilla Mirahmedov, Ravshan Mahkamov, haydovchi Doniyor Mirzayev va Bahodir Toirov o‘zlarining amaliy yordamini ko‘rsatishgan edi.

Shu munosabat bilan “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi Driver's.uz guruhi a'zolari nomidan “Toshshaharnur” DUK rahbariga minnatdorchilik maktubini yo‘llandi. “Ular boshidanoq maqsadimizni eshitib, bajonidil yordam berishlari, bizning tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlashlarini aytib, chindan ham amaliy yordam ko‘rsatishdi. Ushbu xodimlarning ko‘ngilli harakatlari natijasida metall parchalari yo‘l yuzidan olib tashlandi. Aslida yurtimiz ko‘chalarini yoritish bosh vazifasi bo‘lgan bu xodimlarning ushbu ishlari xalqimizning, Toshkent haydovchilarining ko‘nglini-da yoritdi”, - deyiladi maktubda.

Shu bilan bir qatorda, korxona xodimlari va haydovchilar uchrashuvi tashkil etilib, bir piyola choy ustida do‘stona tarzda, kizg‘in suhbatlar o‘tkazildi. Uchrashuv so‘ngida driver's.uz guruhi nomida voqea qahramonlariga guruh logotipi aks ettirilgan sovg‘alar ham topshirildi.

Top