21:38 / 03.02.2016
3024

JSST: 2015 yildan beri 32 davlatda Zika virusi tarqalishi holatlari qayd etilgan

2015 yildan beri 32 davlatda Zika virusini tasodifan yuqtirish holatlari qayd qilingan, bu davlatlardan 26 tasi G‘arbiy yarimsharda joylashgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lum qildi.

Ushbu ro‘yxatga G‘arbiy yarimshardagi quyidagi davlatlar va hududlar kiritilgan: Barbados, Boliviya, Braziliya, Venesuela, AQSh Virginiya orollari, Dominikan Respublikasi, Gaiti, Gayyana, Frantsuz Gvianasi, Gvadelupa, Gvatemala, Gonduras, Kolumbiya, Kosta-Rika, Kyurasao, Martinika, Meksika, Nikaragua, Panama, Paragvay, Puerto-Riko, Salvador, Sen-Marten, Surinam, Ekvador va Yamayka.

Janubi-Sharqiy Osiyoda Zika virusi tarqalishi Maldiv orollarida, Afrikada Kabo-Verdeda, G‘arbiy-Tinch okeani mintaqasida Vanuatu, Fidji, Samoa va Sulaymon orollarida qayd etilgan.

Zika virusi birinchi marta 1947 yilda Ugandada qayd qilingan. Kasallikning klinik alomatlari quyidagicha: tana haroratining biroz ko‘tarilishi, qaltirash, bosh og‘rig‘i, bo‘g‘imlar va beldagi og‘riq, teriga toshma toshishi, holdan toyish. Yaqin vaqtgacha Zika virusi odam uchun xavfsiz deb hisoblanib kelinardi.

JSST 1 fevralda Zika virusining hozirdagi avj olishini dunyo sog‘liqni saqlash tizimiga tahdid deb e'lon qildi. JSSTda ta'kidlanishicha, "Zika virusi bilan homiladorlik vaqtida homilada mikrotsefaliya kasalligi avj olishi o‘rtasida bog‘liqlik borligiga jiddiy shubhalar bor, biroq bu ilmiy asoslanmagan".

Top