21:15 / 03.02.2016
17560

"Tolibon" jangarilari ko‘ngilli askarlarning o‘n yoshli qo‘mondonini o‘ldirdi

Afg‘onistonda "Tolibon" jangarilari ko‘ngilli askarlarning o‘n yoshli qo‘mondoni Vasil Ahmadni boshiga ikkita o‘q uzish bilan o‘ldirdi. Bu haqda The New York Times nashri Afg‘oniston hukumatiga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda

Bir necha oy avval askarlar safini tark etib, 4-sinfga o‘qishga borgan bola Uruzgan viloyatining Tarinkot shahrida o‘ldirildi.

Uning amakisi Mulla Abdul Samad "Tolibon" qo‘mondoni bo‘lgan, biroq 36 nafar qo‘l ostidagilari bilan hukumat kuchlari tomonga o‘tgandi. Ularning orasida Ahmadning otasi ham bo‘lgan, u ham o‘ldirilgan.

O‘tgan yil yozida uruzganlik ko‘ngilli askarlar toliblar qurshoviga tushib qolib, katta talofatlar ko‘rgan. Samad yarador bo‘lgan, uning akasi – Vasilning otasi o‘ldirilgan, ular bilan birga bo‘lgan 10 yoshli Vasil esa otryadga qo‘mondonlik qilishni o‘z zimmasiga olgan.

"U mening odamlarimni men yarador bo‘lganimda 44 kun muvaffaqiyatli boshqardi", deb eslamoqda Samad o‘z jiyani haqida.

Samad oyoqqa turgach, ko‘ngilli askarlar toliblar qurshovini avgustda yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Tarinkotda Samad odamlari qahramonlar kabi kutib olingan. Ahmadning politsiya kiyimida avtomat ushlab tushgan fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketgan. Mahalliy hukumatning bolaning jang qilishidan noroziligi, bola jang qilish o‘rniga maktabda ta'lim olishi kerakligini aytganiga qaramasdan, jasur bolakay medallar bilan taqdirlangandi.

Top