14:20 / 03.02.2016
22025

Yangi "O‘zbek xalq qo‘shiqlari" to‘plami nashr etildi

"O‘zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyida Guljahon Mardonovaning "O‘zbek xalq qo‘shiqlari" to‘plami nashr etildi. Bu haqda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi saytida xabar qilindi.

Ushbu kitobga madaniyatimizning eng go‘zal qirralaridan biri bo‘lgan xalq qo‘shiqlari kiritilgan. Bular allalar (onalar allasi, buvilar allasi), bolalarga erkalama aytimlar, yor-yorlar, kelin salomlar, xalq qo‘shiq-o‘lanlari, choy baytlari, ramazon qo‘shiqlari va aytimlardan iboratdir.

To‘plamga kiritilgan qo‘shiqlarni etnograf, folklorshunos jurnalist Guljahon Mardonova tartibga keltirgan. Kitobning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, unda butun respublikamiz hududini qamrab olgan va noyobligi bilan yanada qimmatli bo‘lgan qo‘shiqlar jamlangan. Mazkur ma'naviy xazina shu sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari, ma'naviyat targ‘ibotchilari, mahalla maslahatchilari, xotin-qizlar kengashi faollari, folklor-etnografik ansambllar jamoasi va keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

Top