21:21 / 04.02.2016
7481

O‘zbekiston MXX Tojikistondan 30 kg geroin olib o‘tishga urinishning to‘xtatib qoldi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Tojikistondan O‘zbekiston hududiga yirik miqdorda narkotik vositalarini olib o‘tish bo‘yicha navbatdagi urinishga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston MXX matbuot xizmati xabar bergan.

Xabar qilinishicha, 2 nafar og‘ufurush 30 kg miqdoridagi geroin moddasi bilan Toshkent viloyatining Bekobod tumani hududida qo‘lga olingan. Ayni vaqtda bu hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tekshiruvlar olib borilmoqda.

Fevral oyi boshida Samarqand viloyatida sud Tojikistondan narkotik moddalar tashuvini yo‘lga qo‘ygan jinoiy guruh a'zolarini (8 nafar) 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatlarda qamoq jazosiga mahkum qilgandi. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, bu guruh 2015 yilda jami 50 kg miqdoridagi giyohvand moddalarni tashigan.

2015 yilning dekabr oyi oxirida O‘zbekiston maxsus xizmatlari Tojikistondan Qozog‘istonga yuk poyezdi orqali 33 kg miqdoridagi narkotik moddalar partiyasini to‘xtatib qolgandi.

O‘zbekiston Afg‘onistonda tayyorlangan giyohvand moddalarning Rossiya va Yevropaga olib o‘tilishi yo‘lida joylashgan bo‘lib, har yili O‘rta Osiyo orqali 100 tonnaga yaqin narkotik moddalar olib o‘tilishi aytilgan.

Top