22:21 / 04.02.2016
6062

"Pop-Andijon" temir yo‘l liniyasini elektrifikatsiyalashni muddatidan avval yakunlash rejalashtirilmoqda

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ "Pop-Andijon" temir yo‘l liniyasini elektrifikatsiyalashni joriy yilning aprel oyiga yakunlashni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Sputnik nashriga kompaniyadagi manba.

Avvalroq temir yo‘lchilar liniyani 2016 yilning avgustida foydalanishga topshirish rejalashtirilayotganini ma'lum qilgandilar. Biroq ishlar samaradorligining oshishi, zaxiralar va zamonaviy qurilmalarni ishga solish hisobiga bu muddat bir necha oyga qisqartirildi.

"Yo‘lning umumiy uzunligi 186 kilometrni tashkil qiladi. Bugungi kunda biz Popdan Qo‘qongacha 45 kilometrlik yo‘l qismidagi ishlarni to‘liq yakunladik. Andijongacha qolgan qismda 4 mingta ustun o‘rnatilgan, hozir simlarni tortish ishlari olib borilmoqda. Barcha ishlarni aprelga yakunlashni rejalashtirmoqdamiz", deb ta'kidlab o‘tdi manba.

Yo‘lning elektrifikatsiyasi 2015 yilda hukumat tomonidan ishlab chiqilgan mexanizm doirasida moliyalashtirilmoqda. Xususan, xarajatlar boshqa loyihani amalga oshirish – "Angren-Pop" elektrifikatsiyalashgan temir yo‘l liniyasini qurish davomida tejalgan mablag‘lar hisobiga qoplanmoqda. "Angren-Pop" liniyasining umumiy qiymati 1,4 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilgandi.

"Pop-Andijon" liniyasida ishlarning yakunlanishi "Xitoy-Markaziy Osiyo-Yevropa" xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining O‘zbekistondagi qismini to‘liq elektrifikatsiyalashga imkon beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi temir yo‘llarning umumiy uzunligi 6500 km dan ko‘proqni tashkil qiladi. Oxirgi 10 yil davomida 1500 km temir yo‘l elektrifikatsiyalangan.

Top