23:12 / 05.02.2016
6126

Bollivud yulduziga samolyotda qo‘shiq ijro etishga ijozat bergan samolyot jamoasi vaqtinchalik o‘z ishidan chetlatildi

Hindistonning Jet Airways aviakompaniyasi rahbariyati 4 yanvarda Jodxpurdan Mumbayga parvoz qilgan samolyot ekipajining 5 a'zosini vaqtinchalik parvozlardan chetlatdi. The Daily Mail nashrining xabar berishicha, o‘z vazifasidan vaqtinchalik chetlatilgan bortkuzatuvchilar Bollivud yulduzi Sonu Nigamga samolyotdagi baland ovozli aloqa tizimidan foydalanishga ruxsat berishgan.

Internetda samolyot yo‘lovchilaridan biri tasvirga olgan video ommalasha boshlagandan keyin bortkuzatuvchilarning bu qilmishi ayon bo‘lgan va ularni chetlatish qarori qabul qilingan. Videoda Nigam baland ovozli aloqa tizimi orqali kuylayotgani va ba'zi yo‘lovchilar unga jo‘r bo‘layotgani tasvirlangan.

"Ekipajning barcha jamoasi voqeaning tafsilotlari aniqlanguncha va kelgusida bortdagi ishlarni bajarish qoidalariga amal qilish maqsadida axloq-tuzatish o‘quvidan o‘tish uchun o‘z majburiyatlaridan chetlatildilar", deb aytdilar kompaniya vakillari.

Nigam Hindistonda eng yuqori haq oluvchi artistlardan hisoblanadi.

Bu hodisa parvoz paytida bortkuzatuvchilar o‘zlarini nomaqbul tutgan birinchi holat emas. 1 fevralda AQShning Delta Air Lines aviakompaniyasi styuardessalari parvoz paytida bir-biri bilan mushtlashib ketgan. Voqea samolyot Los-Anjyelesdan Minneapolisga uchib ketayotganda yuz bergan. "Xonimlar" mushtlashib ketganlar, uchinchi styuardessaning ularni ajratishga urinishlari besamar ketgan. Oqibatda samolyot Solt‑Leyk‑Sitida rejalashtirilmagan qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan.

Top