23:11 / 05.02.2016
4712

Klaudio Raneri: Chempionlikmi? Obama bo‘lmasamda, «Yes We Can» deya kuylashim mumkin

"Lester" jamoasi murabbiyi Klaudio Raneri o‘z boshqaruvidagi jamoaning mavsum chempionligi uchun kurashdagi imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.

"Men aytishni xohlaymanki, "Ha, biz buni uddalay olamiz". To‘g‘ri, men Obama emasman. Yaxshisi mavhumlikni davom ettirmay qo‘ya qolay.

Albatta, biz turnir arafasida autsayderlardan biri sifatida qaralayotgandik. Hozir ham o‘zimizni kuchlilar sifatida ko‘rmaymiz. Agar grand jamoalar o‘yinlarini kuchaytirishsa, bizni yana yenga boshlashadi. Ular o‘z o‘yinlarini topib olishsa, biz yanada ko‘proq chopishga majbur bo‘lamiz.

Hamma o‘zini bosib olsin. Muxlislar istagancha orzu qilishlari mumkin, ammo biz yerdan oyog‘imizni uzmasligimiz, havolanib ketmasligimiz kerak. Agar, mavsum yakunida biz kuchli to‘rtlikdagi o‘rnimizni saqlab qola olsak va YeChLga yo‘llanmani qo‘lga kiritsak, buni aql bovar qilmas natija sifatida qabul qilsa bo‘ladi.

Mavsum arafasida men bu yigitlarga ishonch bildirdim va ularni hamisha qo‘llab-quvvatlab keldim. Men ularga hech qachon o‘tkazib yuborilgan gollar uchun ayb yuklamaganman. Men ularga "Gol o‘tkazib yubordinglar, bunga aytganimni bajarmaganinglar sabab bo‘ldi" demaganman. "Okey. Biz bu vaziyatni qayta ko‘rib chiqamiz va keyingi safar yaxshiroq harakat qilamiz", deyman.

Men odamlarim aqlli bo‘lishini istayman. Agar sizda aqlli yordamchilar bo‘lsa, o‘yin sifati yanada yaxshilanadi. Sizda fantastik darajadagi kuchli futbolchilar bo‘lishi mumkin, lekin unda aql ham bo‘lmasa, barchadan yaxshiroq bo‘la olmaysiz. Menda esa juda aqlli futbolchilar bor", deydi Raneri.

"Lester" ayni vaqtda APLning 25 turi arafasida turnir jadvalida 50 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rinni egallab turibdi. "Tulkilar" ertaga jadvalda o‘zini ta'qib etib kelayotgan "Manchester Siti"ga qarshi maydonga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, «Yes We Can» (Ha, biz buni uddalay olamiz) - will.i.am reperining singli hisoblanadi. Bu so‘zlardan Barak Obama 2008 yilda o‘zining saylovoldi kampaniyasida shior sifatida foydalangan va g‘olib bo‘lgandi.

Top