10:30 / 05.02.2016
2865

«Vedomosti»: Rossiya hukumati palma yog‘i, chips va gazli ichimliklarga aksiz solig‘i kiritishni muhokama qilmoqda

Rossiya hukumatida federal byudjyet daromadlarini oshirish maqsadida aksiz solig‘i solinadigan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish mo‘ljallanmoqda, deb yozmoqda "Vedomosti" nashri. 18 yanvarda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev huzurida bo‘lgan yig‘ilishda tegishli vazifa berilgandi.

Moliya-iqtisodiyot blokidagi manbalar palma yog‘i, gazlangan ichimlik, chipslar va elektron sigaretlarga aksiz solig‘i kiritish muhokama qilinayotganini ma'lum qildilar. Ta'kidlanishicha, ro‘yxatni kengaytirish fikri Vladimir Putin tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Amaldorlarning birining aytishicha, ro‘yxatga katta miqdorda yog‘ va shakar saqlovchi mahsulotlar kiritilishi mumkin.

Ma'lum qilinishicha, Moliya vazirligida bir necha kun ichida bu borada takliflar va hisob-kitoblar taqdim qilinishi rejalashtirilmoqda. Moliya vazirligida "zararli" mahsulotlarga soliq kiritilishi oqilonaligi ta'kidlanmoqda.

"Biz shuningdek katta miqdorda shakar va kimyoviy qo‘shimchalar saqlovchi ichimliklarga soliq solish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bunday choralar JSST tomonidan me'yoridan ortiq shakar iste'mol qilish va bu bilan bog‘liq kasalliklarga qarshi kurashish choralaridan biri sifatida tavsiya qilingan", deb aytdi moliya vazirligi vakili.

Amaldorning aytishicha, palma yog‘iga aksiz solig‘i "aniq kiritiladi" hamda ehtimol yoz o‘rtalaridan bu soliq bir tonna palma yog‘iga 200 dollarni tashkil qilishi mumkin.

Rossiya qishloq xo‘jaligida bu taklif hali olinmagani ma'lum qilindi.

Top