18:20 / 06.02.2016
5867

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti tashkil qilingan kuni nishonlandi

5 fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining 14 yilligi munosabati bilan xayriya konserti o‘tkazildi.

“Ezgulik navolari” nomi ostidagi xayriya konserti TXVUda 2012 yildan buyon o‘tkazilib kelinmoqda. Bu yilgi konsert dasturida o‘z davrining go‘zalligini qamrab olgan jazz yo‘nalishi tanlandi.

An'anaga ko‘ra, tadbirning boshlanishida o‘tgan yil natijalari va universitet rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari aytib o‘tildi. Quvonarlisi, TXVU professor-o‘qituvchilari o‘tkazgan izlanishlarga dunyo tadqiqotchilari ham tez-tez murojaat qilishlari ma'lum bo‘ldi, bunga 2015 yilda RePEc (Repository of Papers in Economics) yillik ro‘yxatiga ko‘ra universitetimiz eng ko‘p iqtibos keltirilgan (elektron manziliga murojaat qilingan) ta'lim muassasalari ro‘yxatining yetakchilari qatorida ekanligi dalil bo‘la oladi. Shuningdek, xorijiy universitetlar bilan tadqiqotchilar tashrifi almashish dasturi tashkil etildi va 2015 yilda uchta tadqiqotchi TXVUga tashrif buyurishdi. Bundan tashqari, bu yil Kelajak Ta'limi Dasturi (Learning Futures Project) doirasida yangi o‘quv dasturi tadbiq etildi. Ushbu dastur Londondagi Vestminster universitetining professor-o‘qituvchilari tashabbusi bo‘lib, TXVU tarixida alohida o‘rni bor, chunki keyingi o‘quv yilidan boshlab universitetda yangi qiziqarli fanlar va o‘quv jarayonida innovatsion texnologiyalar joriy etiladi.

Universitet Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Osiyo taraqqiyot banki, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti hamda Iqtisodiy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlik qiladi. Universitetda doimiy ravishda hammaga ochiq bo‘lgan tadqiqot seminarlari o‘tkaziladi. Ushbu seminarlarni amaliy fanlarda va tegishli sohalarda katta amaliyotga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar olib borishadi. Universitet madaniy hayoti 2015 yilda tadbirlarga boy bo‘lgan, jumladan, an'anaviy madaniyat va san'at kunlari, davlat bayramlariga bag‘ishlangan tadbirlar, san'at to‘garaklari master-klasslari o‘tkazildi.

Bayram konserti dasturi universitetning iste'dodli talabalarining yorqin chiqishlari bilan bir qatorda, O‘zbekiston Xalq artisti Mansur Toshmatov, “Zo‘r-zo‘r star” tanlovi g‘olibi Ulug‘bek Xalikov va Rossiya “Golos. Deti” teletanlovi g‘olibi Sabina Mustayeva ijrosida jazz kompozitsiyalari yangradi.

Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, konsertning xayriya shaklida o‘tkazilishi 2012 yildan beri an'anaga aylanib qolgan. Bu yil esa TXVU va litseyi talabalari orqali yig‘ilgan barcha mablag‘lar leykemiyaga chalingan bolalarni davolash uchun yo‘naltiriladi.

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) 2002 yil 16 yanvar, London shahridagi Vestminster Universiteti (Buyuk Britaniya) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umid” jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan. TXVU Markaziy Osiyodagi xalqaro toifadagi akkreditatsiyadan o‘tgan birinchi universitetdir. 14 yil mobaynida Universitetni 1700 dan ortiq talaba tamomladi va hozirgi kunda ular yurtimizning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Top