19:42 / 07.02.2016
5302

Facebook'dagi sirli shaxmat o‘yinini qanday o‘ynash bilan tanishing

Facebook xabar almashish bo‘limida yoki messenjerida do‘stingiz bilan shaxmat o‘ynashni xohlaysizmi? Buning uchun do‘stingizga «@fbchess play» yozuvini yuborishingiz kerak. Shundan so‘ng xabar almashish oynasida shaxmat taxtasi paydo bo‘ladi.

Yurish esa «@fbchess Pe4» kabi amalga oshiriladi. Bunda P — piyoda bo‘lib, ushbu buyruq yozilganda u «E4»ga yuradi. Shuningdek, shox uchun — K, farzin uchun — Q, fil uchun — B, ot uchun — N, rux uchun esa — R harflaridan foydalanish kerak bo‘ladi.

Agar ikkita bir xil figuradan birini yurish kerak bo‘lsa, u holda «@fbchess Nbd2» deb yozish kerak bo‘ladi. Shunda vertikal «B» qatordagi ot «D2»ga yuradi.

Biror figurani olish uchun esa «x»dan foydalanish kerak. Bunda «B2xc5» deb yozsangiz, ikkinchi qatordagi fil «C5»dagi figurani oladi.

Piyodani farzinga almashtirish uchun esa uning turgan o‘rnidan foydalaniladi, masalan, «e8=Q». Shuningdek, «0-0-0» buyrug‘i esa shoxni rux bilan o‘rin almashishini ta'minlaydi.

Agar o‘yin buyruqlari borasida biror yordam kerak bo‘lsa, «@fbchess help» deb yozishingiz mumkin.

«@fbchess resign» — o‘yinni to‘xtatganingizni, «@fbchess stats» — o‘zaro natijalar qandayligini, «@fbchess play white» — oqlarda o‘ynashni, «@fbchess play black» esa qoralarda o‘ynashni amalga oshiradi.

Bu o‘yin Facebook'ning sirli funksiyalaridan biri bo‘lib, u qachondan beri ishlayotgani haqida ma'lumotlar yo‘q. Ijtimoiy tarmoq bu o‘yin haqida e'lon ham qilmagan.

Top