11:11 / 07.02.2016
11511

OAV: Surxondaryo viloyat prokuraturasi 100 dollar pora olgan kollej direktorini jazolashni paysalga solmoqda

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani Yoshg‘ayrat mahallasida yashovchi Islom Hayitov tumandagi kasb-hunar kolleji direktori Xolmo‘min Mahmudovning 2013 yil avgustida ishga qabul qilish 100 dollar pora olganini mobil aloqa orqali ovozli tarzda yozib olib, prokuraturaga murojaat qilgan.

Ushbu holat Bosh prokuratura aralashuvi bilan o‘rganilib, yozib olingan ovoz X. Mahmudovga daxldorligi aniqlangan. Shundan so‘ng Sho‘rchi tuman prokuraturasi tomonidan amaldorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini davom ettirish uchun viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limiga o‘tkazilgan. Ammo 2015 yilning 11 may kuni jinoiy ish harakatdan to‘xtatilgani haqida murojaatchiga javob xati yuborilgan. Bu javob xati va olib borilgan tergov ishlarining natijasidan qoniqmagan fuqaro Surxondaryo viloyat prokurori nomiga ariza yozgan. Lekin javob ololmay, “Darakchi” gazetasi tahririyatiga murojaat qilgan.

Nashr mutasaddilari arizani Bosh prokuraturaga yo‘naltirgan. Uning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, adliya maslahatchisi Sh. Umurzakov tomonidan arizani nazoratga olib yuborish haqida ma'lumot uchun taqdim etilgan javob tahririyatga yo‘llangan. Garchi ushbu holat yuzasidan ma'lumot berish sanasi 28 yanvar qilib belgilangan bo‘lsa ham, murojaat natijasi yuzasidan tahririyatga hech qanday javob taqdim etilmagani ta'kidlanmoqda.

“Biz Bosh prokuratura ma'lumot uchun taqdim etgan javob xatidagi muddat o‘tib ketgani va viloyat prokuraturasi tomonidan hali-hamon javob berilmagani sabablarini o‘rganishga urindik, - deyiladi materialda. – Ammo hatto ijrochi kimligini bilishga erisha olmadik. Devonxona xodimi bu holat bo‘yicha ma'lumot berishini aytdi-yu, ammo so‘zining ustidan chiqmadi. O‘ylaymizki, Bosh prokuratura ham viloyat prokuraturasining bunday munosabatini jiddiy nazoratga oladi”.

Top