11:01 / 08.02.2016
10573

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi tasdiqlandi

2016 yil 16 yanvar kuni Markaziy bank raisi F.Mullajonov “Tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga imzo chekdi.

"Qarorga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tgan yoki yuridik shaxs ustav fondida (ustav kapitalida) 50 foiz yoki undan ortiq aksiyaga (ulushga) ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlarida o‘qishni yakunlagan kunidan boshlab 3 yildan ortiq vaqt o‘tmagan bitiruvchilar kreditlash sub'yektlari hisoblanadi", deyiladi xushnudbek.uz sayti xabarida.

Unga ko‘ra, mikrokredit yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan qarz oluvchilarga (eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha (26 mln. 048 ming so‘m) va yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan qarz oluvchilarga (eng kam oylik ish haqining 300 baravarigacha miqdorda qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz beriladi (39 mln. 072 ming so‘m) taqdim etiladi.

Mikrokredit qarz oluvchiga kredit ajratilayotgan loyihaning o‘zini-o‘zi qoplashi hisobga olingan holda:

 - faoliyatni boshlash uchun aylanma mablag‘larni shakllantirishga, investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishga — 12 oy muddatgacha;
 - qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish uchun aylanma mablag‘larini to‘ldirishga, shuningdek asbob-uskunalarni sotib olishga — 2 yil muddatgacha;
 - investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun — 3 yildan ortiq muddatga beriladi.

Mikrokreditlar qarz oluvchilarga quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
- urug‘liklar, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini sotib olish, chorvachilik, quyon boqish, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan texnik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
- yengil konstruksiyali va muqobil yoqilg‘i manbalari hisobiga ishlaydigan issiqxonalarni qurish, meva-sabzavotchilikda ishlatiladigan qishloq xo‘jalik texnikalari va mexanizmlarini sotib olish;
- bevosita ishlab chiqarish sohasi — mahsulotlar ishlab chiqarish, xom ashyo va materiallarni tubdan qayta ishlash, hunarmandchilikni rivojlantirish, kasanachilik mehnatini tashkil etish, binokorlik materiallari ishlab chiqarish va qurish;
- xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish — aholiga maishiy, tibbiy, sayyohlik-ekskursiya va mehmonxona xizmati ko‘rsatish, avtomobillar va boshqa texnikalarni ta'mirlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, transport xizmati ko‘rsatishni rivojlantirish;
- yangi bog‘ va tokzorlarni barpo etish, ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish.

Mikrokreditlar yuqorida ko‘rsatilmagan maqsadlar uchun berilmaydi.

Mikrokreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi darajasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda, bankning imtiyozli kreditlash jamg‘armasi hisobidan mikrokredit ajratilgan taqdirda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Mikrokreditlar bo‘yicha foiz stavkasi miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishiga qarab o‘zgarishi mumkin.

Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oshirilgan taqdirda shartnomada ko‘rsatilgan foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Imtiyozli davr o‘rnatilgan holda berilgan mikrokredit bo‘yicha asosiy qarzni to‘lash imtiyozli davr tugagandan keyingi oydan boshlanadi. Imtiyozli davrda mikrokredit bo‘yicha faqat foizlar hisoblanadi va to‘lanadi.

Zarar ko‘rib ishlayotgan, nolikvid balansga ega bo‘lgan qarz oluvchilarga mikrokredit berilmaydi, ilgari berilgan mikrokreditni esa, belgilangan tartibda muddatidan oldin undirib olish choralari ko‘riladi.

Qarz oluvchilar mikrokredit olish uchun bankka buyurtma taqdim etadi. Buyurtmaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
 - qarz oluvchining bank hisobvarag‘iga pul tushumlari (pul oqimi) prognozi ko‘rsatilgan biznes-reja;
 - qarz oluvchining tegishli davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilgan oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-son shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot (2-son shakl), yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno;
 - qarz oluvchiga tegishli kasb-hunar kolleji diplomining notarial tasdiqlangan nusxasi;
  - tegishli kredit ta'minoti turlaridan biri.

Qarz oluvchilar buyurtmani axborot tizimi orqali elektron shaklda berishlari mumkin.

Qarz oluvchi tomonidan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash maqsadida quyidagi kredit ta'minoti turlaridan biri taqdim etiladi:
 - mol-mulk va qimmatli qog‘ozlar garovi;
 - bank yoki sug‘urta tashkilotining kafolati;
 - uchinchi shaxs kafilligi;
- qarz oluvchi tomonidan olingan mikrokreditni qaytarmaslik xatarining bank foydasiga sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi;
- ta'minotning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turlari.

Mikrokredit hisobiga sotib olingan mulk o‘z qiymatining 80 foizi miqdorida mazkur mikrokredit bo‘yicha garov predmeti bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Bank buyurtmani olganidan so‘ng uch ish kuni ichida uni ko‘rib chiqishi va mikrokredit berish yoki mikrokredit berishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilishi shart.

Mikrokredit qarz oluvchiga naqd pulsiz shaklda pul o‘tkazish yo‘li bilan beriladi.

Top