09:04 / 08.02.2016
7593

O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi reytingida 9 pog‘onaga ko‘tarildi

O‘zbekiston Britaniyaning "Economist" jurnali tomonidan 2015 yil natijalariga ko‘ra tuzilgan yangi oziq-ovqat xavfsizligi darajasi  reytingida 9 pog‘onaga ko‘tarildi. Bu reytingga hammasi bo‘lib 109 davlat kiritilgan. O‘zbekiston reytingdan 64-o‘rin egallab, o‘tgan yilgi natijasini 9 punktga yaxshiladi.

Barcha davlatlar uchta kategoriya bo‘yicha baholandi: oziq-ovqat bilan ta'minlanganlik va iste'moli darajasi, ularning mavjudligi va yetarliligi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizlik darajasi. Bu mezonlardan har biri 28 ta turli ko‘rsatkichni o‘z ichiga olib, ularning qiymati ikki yillik davr davomida o‘lchangan.

Hisob-kitob qilishda xalqaro tashkilotlar va milliy institutlar ma'lumotlaridan foydalanildi. Davlatning reytingdagi yuqori pozitsiyasi uning oziq-ovqat xavfsizligi yuqori darajada ekanligini bildiradi.

Bu yili reytingda o‘tgan yildagi kabi 1-o‘rinni AQSh egalladi. Yetakchi o‘ntalikka Singapur, Irlandiya, Avstriya, Niderlandiya, Shveytsariya, Kanada, Germaniya, Avstraliya kiritildi.

MDH davlatlaridan Rossiya 43-o‘rin, Belorussiya – 44-o‘rin, Qozog‘iston – 56-o‘rin, Ukraina – 59-o‘rin, Tojikiston 88-o‘rin egalladi.

Bu reytingning eng pastki pog‘onalarini Madagaskar, Chad va Burundi davlatlari egalladi.

Ma'lumot uchun, oziq-ovqat xavfsizligi indeksi (The Global Food Security Index) Britaniyaning "The Economist Intelligence Unit" tahliliy kompaniyasi tomonidan AQShning "Dupon" transmilliy kompaniyasi ko‘magida chiqariladi. Tadqiqotlar 2012 yildan beri olib boriladi. Bugungi kunda bu indeks o‘zidan turli davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi holati ko‘rsatkichlarining eng to‘liq shaklini namoyon qiladi.

Top