10:19 / 09.02.2016
3351

AQShda dronlarga davlat raqami berilmoqda

AQShda uchuvchisiz parvoz qurilmalari – dronlar soni qayd qilingan samolyot va vertolyotlar sonidan oshib ketdi. Bu haqda 8 fevralda AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi (FAB) rahbari Maykl Uert ma'lum qildi.

"O‘tgan haftada ro‘yxatdan o‘tgan dronlar operatorlari soni 325 mingdan oshib ketdi", deb aytdi Uert Vashingtonda o‘tgan anjumanda. AQShda ro‘yxatdan o‘tgan samolet va vertolyotlarning umumiy soni esa 320 mingtani tashkil qiladi. Uertning aytishicha, dronlar soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki ba'zi operatorlar bir nechtalab dronga ega.

AQSh hukumati o‘tgan yilning dekabrida barcha – eng kichik o‘yinchoq shaklidagidan tortib professional ko‘rinishgacha ega bo‘lgan dronlarni ro‘yxatga olishga qaror qildi. FABning aytishicha, bu shuning uchun qilinganki, bunday qurilmalar borgan sari ko‘proq aeroportlar yaqinida paydo bo‘lmoqda va yo‘lovchi samolyotlariga xavf tug‘dirmoqda.

Uchuvchisiz parvoz qurilmalaridan foydalanish muammosini o‘rganish markazining yaqinda chop etilgan ma'ruzasida AQSh havo hududida 2013 yil dekabridan 2015 yil sentabrigacha dronlarning ichida odamlari bo‘lgan samolyot yoki vertolyotlarga yaqinlashishining kamida 241 holati qayd qilingani ta'kidlangan. Endi majburiy ro‘yxatdan o‘tish evaziga hukumat havo harakati xavfsizligi qoidabuzarini raqami bo‘yicha aniqlashi va uning egasini topa olishi mumkin bo‘ladi.

FAB ko‘rsatmalariga ko‘ra, 200 grammdan 25 kg gacha vaznga ega bo‘lgan barcha dronlar ro‘yxatga qo‘yilishi kerak. Dron egalari ro‘yxatdan o‘tish raqami oladilar, bu raqam dron korpusiga tushiriladi. Buni 19 fevralgacha amalga oshirish taklif qilingan, barcha yangi dronlar esa birinchi parvozini amalga oshirgunicha ro‘yxatga qo‘yilishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tkazish narxi 5 dollarni tashkil qiladi, biroq ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining birinchi 30 kuni bepul bo‘ladi. Dronlarning 13 va undan kattaroq yoshli egalariga o‘z dronlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni FAB saytida mustaqil ravishda amalga oshirish taklif qilingan, undan kichik yoshdagi bolalarga esa bunda ota-onalari yordam berishlari kerak.

Top