09:46 / 09.02.2016
10382

Toshkentliklar daraxtlar kesilishidan shikoyat qilib Vazirlar Mahkamasiga yozma murojaat yo‘llashdi

Bir guruh toshkentliklar 8 fevralda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga shahar ko‘chalarida daraxtlarning kesilishidan xavotir bildirib maktub topshirishdi.

Bu maktub ostiga 46 nafar odam imzo chekdi. Ular imzo chekuvchilarning soni ahamiyatga ega emasligini aytishmoqda: "Muhimi, ona shahrimizning tashqi ko‘rinishi va ekologik holatiga befarq bo‘lmagan odamlar bor. Va bu odamlar o‘z fikrlarini bildirmoqdalar".

"Toshkentliklar poytaxtda va O‘zbekistonning ko‘plab shaharlarida daraxtlarning kesilishidan juda xavotirlanishmoqda. Bunda asosan chinor daraxtlari aziyat chekmoqda", deyilmoqda murojaatda.

"Shahar ko‘chalari yalang‘ochlanib qolmoqda, odamlar issiqda oftobning jaziramasida yurishga majbur bo‘lmoqdalar. Daraxt kesishlar Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand va boshqa shaharlarda amalga oshirilgan. Amaldorlarning chinor zararli daraxt ekanligini aytayotganlari hech qanday tanqidni ko‘tara olmaydi. Bu daraxt qimmatbaho o‘simlik deb tan olingan, u ko‘plab davlatlarda o‘stiriladi va avaylanadi", deyilmoqda.

Maktub mualliflarini Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktabrdagi 20-sonli qaroriga amal qilmaslik, jumladan tegishli idoralar saytlarida daraxtlarni kesishga ruxsat reyestrlarining yo‘qligi tashvishlantirmoqda. Ular bu qimmatbaho daraxtning yog‘ochiga mebelsozlar qiziqish bildirayotgan bo‘lishidan tashvishlanmoqdalar. Ular, shuningdek, o‘simliklarni himoya qilish xizmatlarining tiklanishini talab qilmoqdalar.

"Har bir daraxtni avaylash, ularni o‘tqazish va daraxtzorlar o‘stirish vaqti keldi. Bu iqlimning global o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni yumshatishga va biznesni rivojlantirishga xizmat qiladi. Chinor tez o‘sadigan, injiq bo‘lmagan daraxt. Tadbirkorlar bo‘sh yerlarda ularni ekib pul qilaversinlar, lekin shahardagi daraxtlarni tinch qo‘ysinlar. Shaharliklar uchun asfalt va beton orasida baland bo‘yli va shox-shabbalari yoyilib o‘sadigan daraxtlar – hayotiy zaruriyatdir", deyilmoqda murojaatda.

Avvalroq Change.org saytida chinorlarni kesishni to‘xtatish so‘ralgan O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston ekoharakati va Toshkent hokimiyatiga yo‘llangan iltimosnoma joylashtirilgandi. Iltimosnoma ostiga 3600 ga yaqin odam imzo chekkan.

"Hukumatga murojaat qilish fikri biz, jamiyat deyarli sog‘lom daraxtlar, birinchi navbatda alohida parvarish va sug‘orishni talab qilmaydigan chinorlar kesilayotganini ko‘rayotganimiz sababli paydo bo‘ldi. Daraxtlar o‘sgan joylar yo betonlanmoqda, yo ularning o‘rniga boshqa navdagi, ko‘pincha chetdan keltirilgan va o‘zini bizning iqlimda qanday tutishi noma'lum bo‘lgan, yoki deyarli soya bermaydigan va qo‘shimcha parvarishni va suv sepishni talab qiladigan ignabargli daraxtlar o‘tkazilmoqda", deb aytmoqda iltimosnomaga imzo chekishni tashkil etganlardan biri Farida Sharifulina.

Vazirlar Mahkamasiga yo‘llangan maktubga internet foydalanuvchilarining iltimosnomaga bildirgan eng muhim izohlari hamda mebel ishlab chiqaruvchilarning reklama e'lonlari ilova qilingan.

Top