10:06 / 10.02.2016
4435

«Arsenal» Mahrez va Kanteni kashf qilgan «Lester» skautini o‘z safiga qo‘shib oldi

Angliya futboliga Riyod Mahrez va Ngolo Kkanteni kashf etib bergan «Lester» skauti Ben Rigglsvort endi «Arsenal» uchun ishlaydi. Uning o‘zi shu haqda ma'lum qilgan.

«Uch yarim yil davomidagi ajoyib faoliyatimdan keyin men yangi rahbarlar bilan ishlayman.

Bu qarorni, «Lester»dan ketish qarorini qabul qilish oson bo‘lmadi. Ammo men o‘z imkoniyatlarimdan yanada to‘liqroq foydalanishga va o‘zimni yanada yaxshiroq namoyon etishga qaror qildim.

«Lester»ga kelgusida muvaffaqiyatlar tilayman. Men bu jamoada omadga erishganimdan xursandman», deya yozgan u o‘z tvitterida.

Qayd etish kerakki, Rigglsvort o‘tgan mavsum avvalida Fransiya chempionatidagi «Kan» jamoasidagi Ngolo Kanteni sotib olishga rahbariyatni ko‘ndirgan va futbolchi 5,6 mln funt evaziga Angliyaga ko‘chib o‘tgandi. Hozirda aynan u "tulkilar"ning muvaffaqiyatli ishtirokida asosiy ishlarni qilmoqda.

Uning yana bir kashfiyoti Riyod Mahrez esa 2014 yilda 400 ming funt evaziga «Gavr»dan transfer qilingandi. Mahrez joriy mavsumda APLda samarali o‘yin bo‘yicha yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Jazoirlik iqtidor egasi 24 o‘yinda 14ta gol urib, 10ta golli uzatmaga muallif bo‘lgan.

Rigglsvort londonliklar jamoasidan yanvar oyida taklif olgan va hozirda bu taklifni qabul qilgan.

Bundan oldinroq, «Arsenal» «Lester»ning skautlar bo‘limi rahbari Stiv Uolshga 1 mln funt taklif qilgandi.

Top