12:03 / 10.02.2016
17570

Samarqandda bir necha jinoyatlarni sodir etgan guruh qo‘lga olindi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani IIBga shu tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro ikki nafar yigit uni kaltaklab, yonidagi pullari va telefonini tortib olgani haqida shikoyat arizasi yozdi. Surishtiruv-tergov jarayonlarida bu jinoyatni mazkur tumanda istiqomat qiluvchi ikki nafar shaxs amalga oshirgani ma'lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, jabrlanuvchi bir tanish ayolinikiga mehmonga borgan. Bu orada xonadonga yana ikki nafar yigit kirib keladi. Ketar chog‘ida uy egasi bo‘lgan ayol unga “sizni yigitlar kuzatib qo‘yishadi”, deydi. Va boyagi ikki yigitga “Cholning puli ko‘p, mening ulushimni ham tashlab ketarsizlar”, deb shipshitadi.

Yo‘l-yo‘lakay ikki yosh yigit oltmish yoshlar atrofidagi kishiga “pivo olib bermaysizmi”, deyishadi. U esa “kelasi safar, bugun ketishim kerak”, deydi. Yigitlar bunga ko‘nmay, dag‘dag‘aga o‘tishadi. Rozi bo‘lmagach, ikkovi uni rosa do‘pposlashadi va yonidagi pullarni, telefonini olib qo‘yishadi.

Tergov jarayonlarida bu ikki ayblanuvchi avvalroq ham turli jinoyatlarni sodir etgani ma'lum bo‘ldi. Ular uyushgan holda dastlab ijarada yashovchi harbiy xizmatchining uyiga o‘g‘irlikka tushib, televizor va DVD qurilmasini olib chiqib, sotishadi. Kamiga xonadon egasining hujjatlarini ham yo‘q qilib yuborishadi.

Keyinroq yana bir xonadonni o‘marib, uy egasini kaltaklashadi. Bir muddat o‘tib, paynet shohobchasiga o‘g‘irlikka tushishadi va u yerdan narxi bir million so‘mlik noutbuk va jami 330 ming so‘mlik vaucher pul kartalarini o‘marishadi. Jinoyatchilar topilgan barcha pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborishgan.

Qizig‘i shundaki, jabrdiylarning ohirgisigina jinoyat haqida tegishli organlarga murojaat qilgan. “Agar boshqalar ham shunday yo‘l tutishganida, balki keyingi jinoyatlarning oldi olingan bo‘larmidi”, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Top