10:03 / 11.02.2016
2869

Mark Tsukerberg Hindistonning mustamlaka qilinishini oqlagan Facebook rahbariyati a'zolaridan birini qoraladi

Facebook kompaniyasi asoschisi Mark Tsukerberg 10 fevralda kompaniya direktorlar kengashi a'zolaridan biri Mark Andrissenning Hindistonning Britaniya tomonidan mustamlaka qilinishini oqlashga urinishini qoraladi. Tsukerbergning aytishicha, "bunday fikrlar ranjitadi hamda uning va Facebook’ning qarashlarini namoyon qilmaydi".

Tsukerbergning aytishicha, u bir necha bor Hindiston bo‘ylab sayohat qilgan va "uning tarixi va madaniyatini anglash zarurligini chuqur anglagan".

Muhandis, sarmoyachi va tadbirkor Andrissen Hindistonning mustamlaka o‘tmishini bilvosita qo‘llab-quvvatlagani internet foydalanuvchilarining achchig‘ini keltirdi. Bu vaziyatda Andrissen Facebook rahbariyatini Hindiston bilan hamkorlik qilishda mustamlakachilik bilan yondashish ta'nalaridan himoya qilmoqchi bo‘lgan. "Ko‘plab yillar davomida mustamlakachilikka qarshi bo‘lish hind xalqiga iqtisodiy falokat olib kelgan. Unda hozir to‘xtashning nima keragi bor?", deb yozgan Andrissen tvitterda.

Bu bahs Hindiston rahbariyatining smartfonlar uchun Facebook dasturi orqali bir qator saytlarga bepul kirishni vaqtinchalik bloklashga qaror qilgani sababli yuzaga kelgan. Gap Tsukerbergning shaxsiy loyihasi "Free Basics" ("Bepul asoslar") haqida ketmoqda, bu loyiha 35 dan ko‘proq rivojlanayotgan davlatlarning nochor aholi qatlamlari uchun mo‘ljallangan. Dastur Facebook mobil dasturi orqali foydalanuvchilarga qo‘shimcha sarf-xarajatlarsiz cheklangan miqdordagi saytlarga kirish, messenjerlardan foydalanishga imkon beradi. Hindiston hukumati Tsukerbergning loyihasi "tarmoq dahlsizligi" g‘oyasi, ya'ni tarmoq ma'lumotlarini bir xil qayta ishlash va tariflarga yagona yondashuv tamoyilini buzadi, deb hisoblamoqdalar.

Top