11:57 / 11.02.2016
4050

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Buyuk bobokalonimiz, davlat arbobi hisoblanmish Alisher Navoiyning tavalludiga 575 yil to‘lar ekan, yurtimizning har bir o‘quv muassasasida, har bir tashkilotida bu sana yuksak ehtirom ila o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu boisdan Toshkent davlat sharqshunoslik institutida ham Sharq filologiyasi fakulteti tomonidan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy merosi va bugungi o‘zbek sharqshunosligining dolzarb vazifalari” mavzusida ilmiy konferensiya tashkil etildi. Konferentsiyada bir qator navoiyshunos olimlar, institut professor-o‘qtituvchilari, mustaqil tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Kirish so‘zini institut rektori A.Mannonov boshlab berar ekan, Navoiy merosining o‘rganilishida katta hissa qo‘shgan sharqshunos olimlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Navoiy asarlari mavzu jihatdan keng qamrovli bo‘lib, uning markazida komil inson turishi, Navoiy asarlarini qancha chuqur anglashga intilsak, shuncha yangi ma'no-mazmun topishimiz mumkinligi ta'kidlandi.


Konferentsiya davomida O‘zR FA akademigi A.Qayumov, O‘zbekiston qahramoni, filologiya fanlari doktori, professor S.G‘aniyeva, filologiya fanlari doktori, professor Q.Sodiqov, filologiya fanlari doktori, professor M.Imomnazarov, tarix fanlari doktori, professor M.Ishoqov, filologiya fanlari doktori A.Erkinov, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti 2-kurs magistranti G.Rahmatova hamda 1-kurs magistranti M.Qosimovalar tomonidan Navoiy ijodi va uni o‘rganilish tarixi yuzasidan ma'ruzalar tinglandi.


Konferentsiya yakunida Navoiy ijodining hali o‘rganilmagan qirralari haqida va uni o‘rganishda ahamiyat berish kerak bo‘lgan jihatlar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
So‘nggi so‘z o‘rnida shuni aytishimiz mumkin-ki, buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodini sidqidildan o‘rganish har birimizning burchimizdir. Zero, millatimizning o‘chmas merosini saqlab qolish bizning qo‘limizda.

Nafosat Zafarova
Shoxrux Jo‘rayev

Top