16:54 / 11.02.2016
2886

Toshkentdagi Kasb-hunarga o‘qitish markazida 1500 nafardan ortiq yoshlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida Toshkent shahri Sergeli tumanida Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobiga Kasb-hunarga o‘qitish markazi tashkil etilgandi. Markaz 360 o‘quvchi o‘ringa ega bo‘lib, boshqa hududlardjan kelgan o‘quvchilar uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan 100 o‘rinli o‘quvchilar turar joy binosi ham mavjud.

Markazda “Mashinasozlik ishlab chiqarish texnologiyalari” (tokarlar, frezerchilar, payvandchilar, metallga ishlov berish mutaxassislari); “Elektronika va elektrotexnika” (elektron qurilmalar, maishiy elektron texnika, radio va teleapparatlarni ta'mirlash va servis xizmati ko‘rsatish mutaxassislari); “Avtomobillarni ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish” (avtochilangarlar, motorchilar, avtotransport vositalarini diagnostika qilish, ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish); “Axborot texnologiyalari va tizimlari” (kompyuterlarni dasturlash, kompyuter va boshqa orgtexnikaga xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash) mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitiladi.

O‘qish muddati – 10 oy, shundan bevosita markazda kasb-hunarga o‘qitish 6 oy, qolgani korxonalarda ishlab chiqarish amaliyoti o‘tash uchun.

O‘tgan qisqa davr ichida bu yerda 1500 nafardan ortiq yoshlar kasb-hunarga qayta o‘qitildi va ularning ko‘pchiligi avvaldan tuzilgan shartnomalar asosida O‘zavtosanoat, O‘zeltexsanoat, O‘ztelekom, Toshavtotexxizmat, “GM Powertrain Uzbekistan”, O‘zagromashservis, Toshkent truba zavodi, Toshkent Quyuv-mexanika zavodi, GSKB Irrigatsiya zavodi, Elektroapparat zavodi, Bekobod Metallurgiya kombinati, Toshavtotexxizmat, «Sharq» kompaniyasi qoshidagi korxonalarda faoliyat yuritishmoqda.

Yaqin kelajakda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida imzolangan Kelishuvlar doirasida Samarqand, Shahrisabz, Qo‘qon va Urganch kabi shaharlarda ham an shunday Kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Top