13:58 / 12.02.2016
6210

Bo‘lajak askarlar qanday saralanmoqda?

Bugun armiya yoshiga yetgan har bir yigit askar bo‘lib, Vatanni himoya qilishni xohlaydi. Biroq bu maqsadga erishish uchun orzuning o‘zi kamlik qiladi. Chunki armiya saflariga jalb qilinayotgan yigitlar bir necha bosqichdan iborat saralash jarayonlaridan o‘tishmoqda.

Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasi, chaqiruv bo‘limi boshlig‘i katta yordamchisi mayor Bahodir Tursunov “Darakchi” gazetasi muxbirining mavzu borasidagi savoliga atroflicha javob berdi.

Unga ko‘ra, armiya yoshiga yetgan yigitlar dastlab tuman, so‘ng shahar chaqiruv komissiyasida birinchi bosqichdagi tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.

Sog‘lom deb topilgan yigitlarning ikkinchi bosqichda jismoniy tayyorgarlik darajasi tekshiriladi. Nomzodlar 100 metrga yugurish, 3 km.ga yugurish va turnikda tortilish mashqlarini bajaradi.

Shundan so‘ng, ona-tili va adabiyoti, O‘zbekiston tarixi va matematika fanlaridan test sinovlarini topshirishadi.

MXX Chegara qo‘shinlarida xizmat qilishni istaydigan yoshlar esa yuqorida keltirilgan talablardan tashqari yana bir jihatdan ham to‘g‘ri kelishi shart. Ya'ni bo‘lajak harbiy xizmatchining bo‘yi 1 metru 70 sm.dan, vazni 60 kg.dan past bo‘lmasligi kerak.

Top