16:55 / 12.02.2016
2225

Chexiyalik biatlonchi AQShdagi jahon kubogi o‘tkazilayotgan Presk-Ayl hududidagi qoniqarsiz sharoitlardan nolidi

Chexiyalik biatlonchi Gabriela Soukalova jahon kubogining sakkizinchi bosqichi bo‘lib o‘tayotgan Amerikaning Presk-Ayl hududi borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Bu yerda Jahon chempionati bosqichi o‘tkazilmasligi kerak. Ochig‘ini aytsam, IBU nima sababdan aynan shu yerda musobaqani o‘tkazishga qaror qilganini tushunmadim. Mahalliy aholi haqida hech qanday yomon gap aytib bo‘lmaydi: ular juda xushchaqchaq va har doim sizga ko‘mak berishga intilishadi. Biroq bu yerdagi sharoit juda va juda yomon.

Kalgaridan murakkab parvoz, qo‘rqinchli sharoitdagi xonalar, noqulay infratuzilma, juda qisqa trassa. Men shikoyat qilishni yoqtiradiganlar sirasiga kirmayman. Umuman menga yulduzli yorug‘ osmon ostida chodir qurib yotish ham yetarli. Biroq bu yerda hattoki uxlashga ham qo‘rqyapman.

Menga juda iflos, tutun bo‘lib yotgan xona berishdi. Bu yerga kelganimda ikki soat vaqtim changlarni tozalash va mebellarni artishga ketdi. Hech bo‘lmasa vannaga tushish uchun qulayroq sharoit yaratib olishimga shuncha vaqt sarfladim. Xonamga yaqin joyga isitish tizimi nasosi o‘rnatilgan. U butun tun davomida yoqimsiz ovozi bilan dam olishga xalaqit beradi. Hattoki quloqchinlar ham menga yordam bera olmayapti.

Men bularning hammasidan charchadim, xafa bo‘ldim, hattoki biroz asabiylashdim. Biz hammamiz professional bo‘lishga o‘z ishimizni sidqidildan bajarishga harakat qilmoqdamiz va shuning uchun Presk-Aylga keldik. Ilgari AQSh haqida fikrim boshqacha edi», – deya ta'kidladi umumiy reytingda yetakchilik qilayotgan Soukalova.

Top