21:13 / 12.02.2016
4647

Futzal-2016. O‘zbekiston Qirg‘izistonni yengib, chorak final masalasini hal qildi

Futzal bo‘yicha Osiyo chempionatining 2-turida "A" guruhi vakillari O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Qirg‘iziston terma jamoasi o‘yin boshida himoyaviy taktika tanlab, asosiy e'tiborga qarshi hujumga qaratdi. Natijada turnir mezbonlari ularning mudofaasini yorib o‘tishda qiynalishdi. Qarshi hujumda raqib futbolchisining zarbasi Umarov qo‘riqlayotgan darvoza to‘siniga tegib qaytgan bo‘lsa, Shlyoma birga bir vaziyatda imkoniyatdan foydalana olmadi. Birinchi bo‘lim durang bilan yakunlanayotgandek ko‘ringan vaziyatda qirg‘izlarning hujumi paytida terma jamoamiz darvozani ishg‘ol qildi. Rahmatov o‘ng qanotdan oldinga o‘tdi va o‘ying oyoqda zarba berdi. To‘p darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tib, to‘rga borib tushdi. Bu vaqtda birinchi bo‘lim tugashiga 1 soniya vaqt qolgandi.

Ikkinchi bo‘limning boshlanishi O‘zbekiston vakillari uchun omadli bo‘ldi. Raqiblar darvozaboni Kirill Yermolov 4 soniya davomida to‘pni o‘yinga kiritishga ulgumadi va qirg‘izistonliklarning darvozasi tomon 6 metrli jarima zarbasi belgilandi. Irsaliyev yetkazgan uzatmani Dilshod Rahmatov darvozaga joyladi.

Ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmiga kelib qirg‘izistonliklar asta-sekin oldinga o‘ta boshlashdi. O‘yin tugashiga 5 daqiqa qolganida ular beshinchi o‘yinchi taktikasidan foydalana boshlashdi. Uchrashuv yakunlanishiga 43 soniya qolganida Maqsadbek Alimov hisobiga gol yozib, o‘yin hisobini qisqartirdi.

O‘yinda hisob o‘zgarmadi va O‘zbekiston ikkinchi o‘yinda ham g‘alaba qozonib, muddatidan avval guruh g‘olibligini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi uchrashuvni 14 fevral kuni Livanga qarshi o‘tkazadi.

Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati, "A" guruhi, 2-tur
QIRG‘IZISTON - O‘ZBeKISTON 1:2
Gollar: Maqsadbek Alimov (40) - Dilshod Rahmatov (20, 23)
Qirg‘iziston: 1.Kirill Yermolov, 3. Nurjan Jyetibayev, 7.Ruslan Yermakov, 10.Rustam Yermakov, Emil Kanetov
Zaxira: 2.Marlis Degimbayev, 4. Yevgeniy Malinin, 5.Erkin Tabaldiyev, 6.Dilshod Qodirov, 8.Ilyas Chotbayev, 9.Maqsadbek Alimov, 11.Mirlanbek Abduqodirov, 12. Nikolay Shamonin, 13.Ulanbek Bayg‘az uulu
O‘zbekiston: 1.Rustam Umarov, 2.Dilshod Irsaliyev, 8.Farhod Abdumavlonov, 11.Artur Yunusov, 14.Konstantin Sviridov
Zaxira: 3.Nodir Eliboyev, 4.Feruz Faxriddinov, 5.Davron Choriyev, 6.Javlon Anorov, 7.Dilshod Rahmatov, 9.Andrey Shlyoma, 10.Jamoliddin Sharipov, 12.Akmal Hazratqulov, 13.Klim Tyugayev.

Top