22:40 / 12.02.2016
4119

"O‘zbekneftgaz" AK Muborak gazni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun tender e'lon qildi

"O‘zbekneftgaz" Milliy xolding kompaniyasi Qashqadaryo qiloyatidagi Muborak gazni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun tender e'lon qildi. Modernizatsiyaning boshlang‘ich qiymati 151 mln dollarni tashkil qiladi. Bu haqda "O‘zneftegazqazibolish" AK bergan xabarda ma'lum qilingan.

Tender ikkita lot bo‘yicha e'lon qilingan. Boshlang‘ich qiymati 141,98 mln dollarlik birinchi lot zavodda oltingugurt olish qurilmalarining kamayib borayotgan quvvatlarini qoplash loyihasi bo‘yicha qurilmalarni sotib olish uchun e'lon qilingan. Qurilmaning quvvati yiliga 455,5 ming tonna suyuq gazni tashkil qilishi kerak. Loyihani amalga oshirish muddati 17 oyni tashkil qiladi.

9,2 mln dollarlik ikkinchi lot zavod negizida yiliga 80 ming tonna granulangan oltingugurt ishlab chiqarishni tashkillashtirish uchun qurilma sotib olishni nazarda tutadi. Loyihaning amalga oshirilishi 2016 yilning oxirigacha mo‘ljallangan.

Tanlov shartlariga ko‘ra, tender ishtirokchilarining takliflari 12 martgacha qabul qilinadi, tanlov natijalarini joriy yilning birinchi yarmida e'lon qilish rejalashtirilmoqda. Zavod mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, modernizatsiya oltingugurt mahsulotini ishlab chiqarish quvvatining ishonchli ishlashini ta'minlashga imkon beradi.

Ma'lumot uchun, Muborak gazni qayta ishlash zavodi 1971 yilda ishga tushirilgan. Ayni vaqtda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 mlrd kub metr tabiiy gaz, 570 ming tonnadan ko‘proq gaz kondensati va 417 ming tonna oltingugurtni tashkil qiladi.

Top