09:18 / 13.02.2016
3607

«Everton»ning sobiq futbolchisiga 1 yillik shartli qamoq jazosi tayinlandi

Angliyalik sobiq futbolchi, «Everton» safidagi o‘yinlari orqali muxlislarga tanish bo‘lgan Markus Bent shartli ravishda bir yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda ESPN xabar tarqatgan.

Manbaning yozishicha, 2015 yilning 13 sentabrida ushbu futbolchi uyiga jinoyatchilar bostirib kirganini aytib, politsiyachilarni chaqirgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari esa uyda Bentdan boshqa hech kim yo‘qligini aniqlashgan. Uning o‘zi esa kokain moddasi ta'sirida politsiyachilarning ko‘rsatmasiga rioya etmasdan, oshxona pichog‘i va go‘sht maydalagich bilan ularga hamla qilgan. Shuningdek, uydan katta bo‘lmagan miqdordagi giyohvand moddalar topilgan.

Bentning advokati futbolchi qilmishidan afsusda ekanini, o‘shandan buyon kokain iste'mol qilmaganini, o‘shandagi harakati esa futbolchilikdan ketganidan keyingi tushkunlik holati bo‘lganini aytib o‘tgan.

O‘z vaqtida «Everton»dan tashqari, «Lester» va «Birmingem» jamoalarida to‘p surgan bu sobiq futbolchiga 2 ming funt sterling jarima va 200 soatlik jamoat ishlariga jalb etish jazosi qo‘llangan.

Top