17:45 / 13.02.2016
23023

O‘zbekiston xalq hofizi O‘lmas Saidjonov vafot etdi

O‘zbek madaniyati va san'ati og‘ir judolikka uchradi. O‘zbek milliy mumtoz qo‘shiqlarining mohir ijrochisi, noyob ovoz sohibi, O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi O‘lmas Saidjonov kasallik tufayli 65 yoshida vafot etdi. Dafn marosimi ertaga, 14 fevral kuni o‘tkaziladi.

Mazkur xabarni “O‘zbeknavo” milliy estrada birlashmasining rasmiy vakili Odil Abduqahhorov ham tasdiqladi.

Ma'lumot: O‘lmas Saidjonov 1951 yil 10 yanvarda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. Abdulla Qahhor nomidagi 48-maktabda o‘qigan. 1974 yilda Qarshi davlat pedagogika institutini va 1981 yilda Toshkent davlat irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. 1969 yilda yosh ijrochilar respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan. Vafotiga qadar O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlar vazirligiga qarashli Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi rahbari bo‘lib ishlagan.

Sayt jamoasi marxumning oila a'zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Top