13:29 / 14.02.2016
13934

"Majnun" filmi rejissyori: Muxlislar kinoga faqat aktyorlarning chiroyli qoshu ko‘zi uchun tushishmaydi

So‘nggi kunlarda OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda Jahongir Ahmedov rejissyorligidagi "Majnun" filmi atrofida turli shov-shuvlar keng tarqaldi.

Avvaliga filmda bosh qahramonni ijro etgan taniqli aktyor Ulug‘bek Qodirov suratga olish ishlarida o‘zi kutilmagan qiyin sinovlardan o‘tishiga to‘g‘ri kelgani haqida norozilik bilan bayon qilgan va bu haqda batafsil ma'lumot so‘ralganida, rejissyorga murojaat qilishni tavsiya etgandi.

"Majnun"— bu so‘nggi rolimga aylanishi mumkin edi", deya yozgandi aktyor o‘z instagramida.

Shuningdek, u o‘zining film premerasiga borishi ham so‘roq ostida ekanini qo‘shimcha qilgandi.

Rejissyor esa shu va boshqa savollarga o‘z instagramida ham batafsil javob qaytargan.

"Avvaliga xursand bo‘lgandim. Nima bo‘lganda ham film haqida yozishmoqda va buni muxlislar o‘qishmoqda deb. Lekin voqealar rivoji keskinlashib ketdi. @Kun.uz mendan izoh so‘radi, men shu yerda javob beraman".

U Ulug‘bek Qodirovning noroziliklariga "Majnun" filmini suratga olish vaqtida u haqiqiy bo‘rilar bilan yuzma-yuz kelgani sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan.

"Agar gap haqiqiy bo‘rilar haqida bo‘lsa, tan olaman shunday bo‘ldi. Tan olaman, ular bilan ishlash juda xavfli bo‘ldi. Butun ijodiy guruh mana shunday sharoitda ishladi. Axir muxlislar uchun shunday qilish kerak. Ular hayotiy va sifatli film ko‘rishlari kerak. Buni qanchalik uddaladik, albatta tomoshabin hal qiladi", deydi u.

U Ulug‘bek Qodirovning premeraga kelmasligi mumkinligi haqidagi savolga javob qaytargan.

"Ulug‘bekning bu film yaratilishida ko‘p mehnati singdi. Filmning suratga olish ishlari jarayonida 1 oyni Jizzax tog‘larida o‘tkazdik. Ulug‘bek film tayyorlanishi uchun talab qilingan barcha ishlarni sidqidildan bajardi, 1 hafta ot minishni o‘rgandi. Jarayonda u o‘z mahoratini yana bir bor namoyon etdi.

Kelishmovchiliklarni esa u bilan alohida gaplashib, hal qilib olamiz. Lekin, u albatta premeraga kelsa kerak", deydi rejissyor.

Shuningdek, tahririyat rejissyor bilan telefon orqali bog‘landi.

U bugungi kunda barcha sohada to‘xtovsiz rivojlanishlar ketayotgani borasida to‘xtalib, o‘zbek kinosida ham aktyorlarning suratga olish jarayonida jonli va xavfli sahnalarda kaskadyorlarsiz, o‘z mahoratini ko‘rsatgan holda ishtirok eta boshlashi davri kelganiga urg‘u qaratdi.

U o‘zining o‘zgacha ruhda va shaklda ishlangan yangi filmi haqida munosabat bildirib, quyidagicha izoh beradi.

"Axir qachongacha muxlislar kinoga faqat aktyorlarning chiroyli qoshu ko‘zini ko‘rish yoki chiroyli ovozlarini eshitish uchun tushishadi. "Majnun" filmida muxlislarga o‘zbek kinosining yangi qirralarini ko‘rsatib berishga harakat qildik".

Top