19:15 / 14.02.2016
4510

"Arsenal" "Lester"ga qarshi o‘yinning oxirgi daqiqasida g‘alabaga ega chiqdi

Angliya chempionatining 26 turidagi markaziy bahslardan biri Londonda o‘tkazildi. Turnir peshqadamini qabul qilgan "Arsenal" o‘ta qiyin kechgan uchrashuvda 3 ochko ola oldi.

O‘yinning 45 daqiqasida hakam Martin Atkinson mezbonlar darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi. Bu vaziyatda mehmonlar hujumchisi Jyeymi Vardi "Arsenal" himoyachi Nacho Monrelga kelib urildi va maydonga quladi. Belgilangan jarima zarbasini hujumchining o‘zi aniq amalga oshirdi.

O‘yinning ikkinchi taymi esa "Arsenal" ustunligi ostida o‘tdi. 54 daqiqada mehmonlar himoyachisi Simpson Jiruga ishlatgan qo‘polligi uchun maydondan chetlatildi va "tulkilar" o‘yinning qolgan qismida bir kishi kam bo‘lib harakat qilishdi.

61 daqiqada "Arsenal" safida tayanch yarim himoyachisi Frensis Koklen o‘rniga hujumchi Teo Uolkott maydonga tushdi. Tavakkalchilik bilan qilingan bu o‘zgarish samarasini berdi va aynan Uolkott 70 daqiqada hisobni tenglashtirdi.

83 daqiqada Arsen Venger yana bir yarim himoyachi Oksleyd-Chemberlen o‘rniga uzoq vaqt jarohatini davolash bilan band bo‘lgan hujumchi Denni Uelbekni maydonga tashladi. Yakunda bu o‘zgarish jamoaga g‘alaba keltirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada Uelbek O‘zilning uzatgan pasini boshi bilan Kasper Shmeyxell darvozasiga yo‘lladi.

Bu g‘alabadan keyin "kanonirlar" turnir jadvalida 51 ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Birinchi o‘rindagi "Lester" hisobidagi ochkolar soni 53taligicha qoldi. Kuchli to‘rtlikdagi yana ikki jamoa "Tottenhem" (48 ochko) va "Manchester Siti" (47 ochko) o‘rtasidagi bahs bir necha soatdan keyin boshlanadi.

"Arsenal" keyingi turda "Manchester Yunayted" maydoniga safar qiladi "Lester" esa "Norvich"ga qarshi o‘ynaydi.

Angliya chempionati, 26-tur

Arsenal – Lester 2:1 (0:1, 2:0)
Gollar: 0:1 – 45, penalti Vardi, 1:1 – 70 Uolkott, 2:1 – 90 Uelbek.
Arsenal – Chex, Mertesaker, Monreal, Belerin, Koselni (Chembers, 46), Koklen (Uolkott, 61), Remzi, O‘zil, Oksleyd-Chemberlen (Uelbek, 83), Sanches, Jiru.
Lester – Shmeyxel, Morgan, Fuks, Simpson, Xut, Kante, Drinkuoter, Olbrayton (King, 83), Marez (Vasilevski, 58), Okazaki (Grey, 61), Vardi.
Ogohlantirishlar: Koklen (36), Koselni (44), Remzi (45), Simpson (49), Fuks (52), Kante (57), Vasilevski (90), Uelbek (90).
Chetlatish: Simpson (54).

Top