20:20 / 15.02.2016
5775

O‘zbek olimlari mahalliy xomashyo asosida kamqonlik kasalligini davolovchi preparat yaratishdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti olimlari mahalliy xomashyo asosida kamqonlik kasalligini davolovchi eritim preparatini yaratdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Hayvonlarning bezidan olingan ushbu shifo vositasi organizmda temir moddasi yetishmovchiligida yuqori samaradorlikka ega ekanligi aniqlandi va uni tibbiyot amaliyotiga qo‘llashga ruxsat etildi.

«Eritim analoglariga ko‘ra bir necha barobar samarador jihatlari bilan ajralib turadi. Uning asosida muolaja o‘tkazilganda kasallikni davolash muddati bir necha barobar qisqardi va bemorning salomatligi tez tiklanishi ma'lum bo‘ldi», — deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti direktori, kimyo fanlari doktori, professor Abbosxon To‘rayev.

Keyingi yillarda institut olimlari yaratgan o‘n beshdan ziyod innovatsion ishlanma tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga tatbiq etildi. Yana yigirmaga yaqin ishlanma sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Institut olimlari tomonidan ayni paytda davlat granti asosida qirqdan ziyod fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Top