11:43 / 16.02.2016
24766

O‘zbekiston jahonning eng qudratli armiyalari reytingida 54-o‘rinda qayd etildi

Harbiy qudrat reytingi sifatida qaraladigan Global Firepower Index (“Harbiy tayyorgarlik jihatdan eng kuchli davlatlar reytingi”) reytingida O‘zbekiston 126 mamlakat ichida 54 o‘rinni egalladi. Bu esa O‘zbekiston armiyasi Markaziy Osiyodagi eng kuchlisi demakdir.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yili tuzilgan ro‘yxatda ham O‘zbekiston 54 o‘rinda qayd etilgandi.

Yangi reytingda AQSh birinchi, Rossiya va Xitoy mos ravishda ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egallagan. Yuqori o‘ntalikka, shuningdek, Hindiston, Buyuk Britaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kirgan.

Vashingtonning harbiy xarajatlari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 3,5 foizini tashkil qilgan bir paytda, Rossiya Federatsiyasi o‘z harbiy ehtiyojlari uchun YaIMning 4,5 foizini sarflaydi.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida Rossiya (2-o‘rin), Ukraina (25-o‘rin) va Belarus (45-o‘rin)dan keyingi 4-o‘rinni egalladi.

Reytingni tuzishda 50ga yaqin omillar, jumladan qo‘shinlar soni, quruqlik, havo va dengizda jangovar harakatlar olib borish uchun mo‘ljallangan harbiy texnika miqdori hisobga olinadi. Shu bilan birgalikda, mamlakatlar qurol-yarog‘ga sarflashi mumkin bo‘lgan iqtisodiy manbalar va reyting ishtirokchilarining geografik joylashuvi hisobga olinadi.

O‘zbekistonning indeksi 1.2996ni tashkil qildi (O‘tgan yildagisi 1.2989).


GFP ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli kuchlari bugungi kunda 420ta tank, 715ta harbiy mashina, 143ta o‘zi yurar to‘plar, 880ta uzoqqa otuvchi to‘plar, 109ta yoppasiga o‘q uzish tizimlariga ega. Harbiy havo kuchlari safi esa 69ta qiruvchi samolyot, 89ta boshqa turdagi hujumkor samolyotlar, 49ta transport samolyotlari hamda 65ta oddiy va 25ta jangovar vertolyotlardan va boshqa texnikadan tashkil topgan.

Strategicdefenceintelligence.com xabar berishiga ko‘ra O‘zbekiston harbiy byudjyeti 2007 yildan beri to‘xtovsiz ravishda o‘sib kelmoqda. 2015 yilda mamlakat harbiy byudjyeti 70 mln dollarni tashkil qilgan.

O‘zbekiston qurolli kuchlarida taxminan 65 ming askar va zobitlar xizmat qilmoqda.

Reyting BAV Consulting kompaniyasi hamda Pensilvaniya universiteti bilan hamkorlikda tuzilgan. Ma'lumotlar 36 mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnoma xulosalariga asoslangan.

Top