23:10 / 16.02.2016
3964

O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi elektr energetika sohasidagi loyihalarga 916 mln dollar ajratadi

O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi 2016-2019 yillarda "O‘zbekenergo" AJga elektr energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 916 mln dollar ajratadi, deb xabar bermoqda kompaniya vakili.

"O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan jamg‘arma mablag‘larini jalb qilgan holda 2016-2019 yillarda amalga oshiriladigan 6 ta investitsion loyiha manzilli dasturi tasdiqlangan", deb aytdi vakil.

Xususan, jamg‘arma 4 ta issiqlik elektrostansiyasida umumiy quvvati 1928 MVtni tashkil qiluvchi 5 ta bug‘-gaz va 4 ta gaz-turbina qurilmasi qurish uchun 675,2 mln dollar ajratadi.

Jamg‘arma Samarqand viloyatida 100 MVt li geliostansiya qurish uchun 110 mln dollar hamda "O‘zbekenergo" tizimidagi 220-500 Kv li 22 ta podstansiyada uskunalarni almashtirish uchun 65 mln dollar kredit ajratadi.

O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi 2006 yil mayida O‘zbekiston investitsiya dasturiga kiritilgan muhim investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun yaratilgan. Jamg‘armasining ta'sischisi O‘zbekiston moliya vazirligi timsolida Vazirlar Mahkamasi hisoblanadi. 2020 yilda jamg‘armaning ustav kapitalini 25 mlrd dollargacha yetkazish rejalashtirilmoqda. 2015 yil boshida bu qiymat 15 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Top