22:19 / 16.02.2016
3691

"Sepahon" jamoasi Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ziddiyat tufayli OChLdan chiqib ketishi mumkin

Eronning "Sepahon" jamoasi saudiyaliklar bilan siyosiy ziddiyat tufayli Osiyo chempionlar ligasi turnirini tark etishi mumkin.

Xabarlarda aytilishicha, Eronda o‘tgan mavsum chempioni bo‘lgan "Sepahon" OChLdagi o‘yinlarini neytral maydonda o‘tkazishni istamayapti.

Oldinroq Saudiya Arabistoni tomoni OFKdan siyosiy ziddiyatlar tufayli Eron jamoalariga qarshi uchrashuvlar neytral maydonda bo‘lib o‘tishini so‘ragan edi.

"Bu muammo bizning foydamizga hal bo‘ladi deb o‘ylayman, ammo agar neytral maydonda o‘ynashni buyurishsa turnirdan chiqib ketmoqchimiz" - degan "Sepaxon" menejyeri vazifasini bajaruvchi Rassol Horvash.

Ma'lumot uchun, "Sepahon" OChLning guruh bosqichida Saudiya Arabistonining "Al-Ittihod" jamoasi bilan bir guruhdan o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Saudiya Arabistonida shialar xatibi qatl etilgach, eronliklar saudiyaliklarning Tehrondagi elchixonasiga hujum uyushtirdi. Shundan so‘ng, Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarini uzdi. Keyinroq bir qator arab davlatlari, jumladan Bahrayn, Sudan va boshqalar Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatdi yoki munosabatlar darajasini pasaytirdi.

Top