12:03 / 16.02.2016
2575

Yaroslavlda ko‘p qavatli uyda portlash yuz berishi oqibatida 25ta kvartira zararlanib, 4 kishi halok bo‘ldi

16 fevral kunining birinchi yarmida Rossiyaning Yaroslavl shahrida ko‘p qavatli uyda portlash sodir bo‘lib, pod'yezd qulagan.

"RIA Novosti" agentligi shahar huquq-tartibot organlariga asoslanib, ma'lum qilishicha, bu portlash binodagi 25ta uyga ta'sir ko‘rsatgan va 4 kishining o‘limiga olib kelgan.

"25ta kvartira zararlangan. Shundan 5tasi butunlay buzilib ketgan, 20tasiga qisman shikast yetgan", deyiladi xabarda.

Hudud gubernatori Sergey Yastrebov mahalliy televideniye efiri orqali bu ma'lumotlarni tasdiqlagan.

Dastlabki xabarlarda binoning to‘rtinchi qavatida gaz uskunasidagi nosozlik tufayli portlash sodir bo‘lgan.

5 qavatli binoning vayron bo‘lgan seksiyasida 10ta xonadon joylashgan edi. Portlash oqibatida pod'yezd qulab, binoning bir qismi vayron bo‘lgan.

Xarobalar ostidan 3 kishining jasadi chiqarib olingan. Bundan tashqari, shifoxonaga olib ketilgan jabrlanuvchilardan biri olamdan o‘tgan. Yana uch kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Portlashdan oldin binoda qancha kishi bo‘lgani haqida aniq ma'lumot yo‘q. Voqea joyida maxsus guruhlar ish olib borishmoqda. Qo‘shni pod'yezdlarda istiqomat qiluvchi odamlar evakuatsiya qilingan.

Top