10:28 / 19.02.2016
2899

OAV: Eron iyundan boshlab og‘ir neftning yangi navini sotishni boshlamoqchi

Eron joriy yilning iyun oyidan boshlab og‘ir neftning yangi navini sotishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 18 fevralda Bloomberg agentligi ma'lum qildi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Eron milliy neft kompaniyasi (NIOC) bunday neftni mart oyida sotishni boshlamoqchi bo‘lgan, biroq xaridorlarga mahsulot sifatini sinovdan o‘tkazish uchun ko‘proq vaqt berish maqsadida buni keyinroqqa qoldirdi. Og‘ir neftning yangi navi Iroq chegarasi yaqinidagi G‘arbiy Karun hududining neft saqlovchi maydonlaridan qazib olinadi. NIOC hozircha yangi neft naviga nom bermadi hamda bu neftdan qanday miqdorda sotishini ma'lum qilmadi.

Eronda 2015 yilda o‘rtacha neft qazib olish hajmi kuniga 2,8 mln barrelni tashkil qilgan. Yanvarda 1,5 mln barrel neft, fevralda esa 1,44 mln barrel neft eksport qilingan. Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, Eron mart oyi oxirigacha qazib olinadigan neft hajmini kuniga 500 ming barrelga oshirmoqchi.

Eron neft vaziri Bijon Nomdor Zangoniyning aytishicha, Eronning bosh maqsadi neft hajmini 2012 yilda sanksiyalar kiritilgan davrgacha bo‘lgan miqdorga yetkazishdan iborat. O‘shanda Eron kuniga 3,6 mln barrel neft qazib olgan. Eron neft qazib olish hajmi bo‘yicha OPeKning 2-raqamli a'zosi hisoblanadi.

Top