17:58 / 19.02.2016
10911

Xonanda Leyli O‘zDJTUdagi qizlar klubida maxsus seminar-trening o‘tkazdi

18 fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi GDC Girls development club klubida Setora guruhi xonandasi Leyli qizlarga haqiqiy go‘zallik sirlari, moda va ayollik baxti haqida seminar trening o‘tkazdi. Shuningdek, Jonli karaoke qismida qizlar Setora guruhining sog‘inilgan qo‘shiqlarini xonanda Leyli bilan birga kuyladilar.

Trening so‘ngida qizlar xonanda Leylining klubga milliy libosda tashrif buyurgani, baxt va go‘zallik haqidagi sharqona qarashlarini bo‘lishgani qizlarda ajoyib taassurot qoldirganini aytib o‘tdilar.

Tadbirni loyiha muallifi Gavhar Sagdullayeva olib bordi va trening davomida bir qancha psixologik o‘yinlar o‘tkazildi.

Bu klub to‘rtta yo‘nalish: psixologiya, biznes, stil va "chat" yo‘nalishlaridan iborat bo‘lib, qizlarning ruhiyatini va shaxsiyatini har tomonlama o‘stirishga qaratilgan.

Shu kungacha klubda bir qancha treninglar o‘tkazilgan bo‘lib, Mushtariy Yo‘ldasheva, Zamira Azimova, Dilnoza Kubayeva singari ayollar qizlarga qiziqarli seminarlar o‘tkazib bergan.

Ma'lumot uchun, Leyli «Nihol» mukofoti sovrindori. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist. Leyli 1998 yil 1 mart kuni Kamilla va Feruza bilan hamkorlikda «Setora» guruhini tashkil qilgan. Xonanda faoliyat yuritgan «Setora» triosi qo‘shiqlarini, musiqa shinavandalari hanuzgacha miriqib tinglashadi. Leylining guruh tarkibida ijro etgan «Sen borsan», «Ohim», «Ajdodlar ruhi», «Eshitmaydi», «Xayr maktabim», «O‘zbegim» va boshqa ko‘plab qo‘shiqlari nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarda ham xitga aylangan. 2006 yilda «Setora» ovoz yozish studiyasi bilan shartnomani bekor qildi va guruhning nomi «Setanho»ga o‘zgaradi. 2009 yildan esa xonanda, Leyli taxallusi bilan alohida faoliyatini boshladi.

O‘zDJTU talabasi universitet qizlari uchun klub tashkil etdi

Dilnoza Kubayeva talaba qizlar bilan axloq-odob haqida gaplashdi

Top