21:01 / 20.02.2016
4646

Shimoliy Koreyalik mehnatkashlarga partiya qurultoyi oldidan 375 ta yangi shior taklif etildi

Shimoliy Koreyaliklarga hukmron Koreya mehnat partiyasi qurultoyi oldidan 375 ta yangi shior taklif qilindi. Bu shiorlar partiyaning "Nodon sinmun" gazetasida chop etildi.

Shimoliy Koreya nashrining ma'lum qilishicha, bu shiorlar "davrlarga xos o‘zgarishlarni" namoyon qiladi va mamlakatga "marshal Kim Chen In boshchiligidagi hal qiluvchi g‘alabaga" erishishga yordam berishi kerak. Ular orasida yaxshi mehnat qilish va partiya sharafiga "ura" deb hayqirishga chaqiriqlar ham bor.

Shuningdek shiorlarda har bir shimoliy koreyalik " agar bu unga o‘lim bilan xavf solsa ham partiya siyosatini hayotga tatbiq qilishni amalga oshirishda fidoyilik bilan kurashadigan chin inson bo‘lishga" chaqirilgan.

Quyida shu shiorlardan ba'zilari keltirilgan:

"Keling Kimsusan Quyosh yodgorlik saroyini abadiy mash'ala ziyoratgohiga xos holda yanada ajoyibroq qilaylik va uni jonu-dilimiz bilan himoya qilaylik".

"Xalq ommalarining yuragini yondiruvchi uchqunlar va ularning idrok kuchiga iroda beruvchi detonatorlar bo‘ling!"

"Butun mamlakat issiqhona sabzavotlari ishlab chiqarish qat'iy kampaniyasi bilan qamrab olinsin!".

"Xalq iste'moli mahsulotlari muammosiga qat'iy javob beramiz!"

"Har bir fuqaroni askarga, mamlakatni esa qo‘rg‘onga aylantirish bo‘yicha partiya siyosatini hayoga tatbiq qilaylik".

"Moranbon ansamblining inliqobiy va jangovar ijodini o‘rganing!" va hokazo.

Bu yangi shiorlar ro‘yxati 2015 yil fevralda chop etilgan 310 ta shiordan iborat ro‘yxatning o‘rnini egallashi kutilmoqda. O‘tgan yili shimoliy koreyaliklar ko‘proq qo‘ziqorin yetishtirish va Shimoliy Koreyani sotsialistik ertakka aylantirishga undalgandilar.

Koreya mehnat partiyasining yangi qurultoyi 2016 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, oxirgi marta bunday qurultoy 1980 yilda o‘tkazilgandi.

Ma'lumot uchun, Kimsusan Quyosh yodgorlik saroyi Shimoliy Koreya davlati asoschisi Kim Ir Sen va uning o‘g‘li, mamlakatni 2011 yilgacha boshqargan marhum Kim Chen Ir maqbarasi hisoblanadi.

"Moranbon" ayollar ansambli Shimoliy Koreya milliy brendlaridan biri hisoblanadi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, guruh ishtirokchilarini Kim Chen Inning shaxsan o‘zi tanlab olgan.

Top