09:37 / 22.02.2016
2477

Boliviya fuqarolari prezident Moralesning 4-muddatga qolishiga qarshi chiqishdi

Boliviya fuqarolari referendumda Konstitutsiyaga mamlakatning amaldagi prezidenti Evo Moralesga 2019 yilda 4-muddatga qayta saylanishiga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlar kiritilishiga qarshi chiqdilar. Bundan Boliviya Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 220 mingta byulleten hisob-kitob qilingandan keyin olingan dastlabki ma'lumotlar darak bermoqda.

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga 63 foiz ovoz beruvchilar qarshi chiqdi, 36,8 foiz ovoz beruvchilar uni qo‘llab-quvvatladi.

2013 yilda Bolivii Konstitutsion sudi Moralesga ketma-ket 3-marta prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga ruxsat bergandi, bu esa Konstitutsiya bo‘yicha taqiqlangan. Bunday qaror Moralesga 2014 yil kuzida saylovlarda g‘alaba qozonishga imkon bergan.

Xuddi shunday yo‘l bilan Morales Konstitutsiyaga ketma-ket 2-marta prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlarni kiritib, 2009 yilda 2-muddatga qayta saylangandi. O‘shanda bu o‘zgartirishlar Kongress va prezident o‘rtasida ixtilofning kelib chiqishiga sabab bo‘lgandi.

Evo Morales Boliviya prezidenti lavozimini 2006 yil yanvaridan beri egallab keladi. Uning prezidentligi davomida bir qator sanoat tarmoqlari milliylashtirilgan. Moralesning aytishicha, milliy strategik ahamiyatdagi sanoat tarmoqlarining milliylashtirilishi tabiiy resurslar sotilishidan olinadigan daromadlarning mamlakatning barcha fuqarolari orasida teng taqsimlanishi uchun zarurdir.

Top