21:28 / 22.02.2016
3114

Damashq va Xomsdagi teraktlar qurbonlari soni 177 kishini tashkil qildi

21 fevralda Suriyaning Damashq va Xoms shaharlarida terrorchilar tomonidan uyushtirilgan teraktlar oqibatida 177 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Arabiya telekanali ma'lum qildi.

IShID jangarilari Damashqning janubida joylashgan, asosan shialar yashaydigan Said-Zaynab shahridagi "As-Sadr" gospitali yonida minalashtirilgan avtomobilni portlatgan. Avtomobil portlatilgandan keyin olomon orasiga kirgan ikki xudkush ham o‘zini portlatgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu teraktda 120 kishi halok bo‘lgan, yuzdan ko‘proq odam jarohat olgan.

Bu teraktdan bir necha soat oldin Xomsning g‘arbiy qismida jangarilar ikkita avtomobilni portlatgan. Teraktlar shaharning Az-Zaxra tumanidagi Sittin ko‘chasining arman dahasiga kiraverishdagi qismida uyushtirilgan. Avtomobillardan biri mahalliy universitetga talabalarni tashiydigan mikroavtobuslar turargohi yonida portlatilgan. Bu teraktda 57 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yarador bo‘lgan, ulardan ko‘pchiligi og‘ir ahvolda.

Bu teraktlar 2011 yilda Suriyada ixtilof boshlangandan keyin sodir etilgan eng katta teraktlar bo‘ldi.

Top