13:52 / 22.02.2016
2966

Jizzaxda askarlarga imtiyozli tavsiyanomalar berildi

Markaziy harbiy okrugning Jizzax viloyatida joylashgan harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan askarlarning bir guruhiga oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha imtiyoz beruvchi harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, harbiy qismlar komandirlari ishtirok etdi, deb yozadi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.

Eslatib o‘tamiz, 2012 yil 31 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida harbiy xizmatni munosib o‘tagan, o‘z bilimi va qobiliyati bilan safdoshlariga o‘rnak bo‘lgan askarlarga imtiyozli tavsiyanomalar berib kelinmoqda.

Bunday tavsiyanomaga ega bo‘lgan yigitlar barcha yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi.

Top