09:53 / 25.02.2016
2100

"Roma" prezidenti Tottiga shartnomani uzaytirish yoki yordamchi murabbiy bo‘lishni taklif etmoqda

Italiyaning "Roma" jamoasi prezidenti Jyeyms Pallotta jamoaning uzoq yillik sardori Franchesko Totti bilan shartnomani uzaytirmoqchi. U futbolchiga yana 1 yilga shartnoma tuzish yoki jamoa bosh murabbiyi Luchano Spalettiga yordamchilik qilish taklifini bildirgan. Bu haqda Corriere dello Sport nashri xabar tarqatgan.

Bundan oldinroq, 39 yoshli bu hujumchi telekanallardan biriga bergan intervyusida o‘ziga jamoada hurmat bilan munosabatda bo‘lishmayotgani, xususan jarohatidan tuzalgan bo‘lsada, Spaletti unga o‘yin amaliyoti bermayotganidan noroziligi haqida aytib o‘tgandi. Shundan so‘ng, Spaletti uni A seriyaning 26 turi doirasida "Palermo"ga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritmadi va unga uyiga ketishi mumkinligini aytdi.

Nashrda yozilishicha, Pallotta yaqin vaqt ichida Totti bilan muzokara o‘tkazadi. Agar kelishuvga erishilsa, futbolchining Spaletti bilan tushunmovchiliklariga barham topishiga umid qilinmoqda. Pallotta Tottiga klub boshqaruv tizimida ish topishga harakat qilmoqda. Manbaning yozishicha, Pallotta Tottini jamoa vitse-prezidenti sifatida ko‘rishni ko‘proq istamoqda.

Unga 6 yil davomida "Roma" menejyeri bo‘lish taklif etilmoqda. Bu taklifga ko‘ra uning yillik maoshi 600 ming yevro bo‘lishi nazarda tutilgan. Ayni vaqtda "Roma" sport direktori Valter Sabatini ham shuncha maosh oladi.

Totti joriy mavsumda "Roma" safida 6ta o‘yin o‘tkazdi va bir gol urib bitta golli uzatma muallifi bo‘lddi. Uning amaldagi shartnomasi 2016 yilning yoziga qadar tuzilgan.

Spaletti "Roma" boshqaruviga yanvar oyida keldi. U bundan oldin ham, 2005-2009 yillarda "bo‘rilar" jamoasini boshqargan. Jamoa uning rahbarligida ikki marta Italiya Kubogi sohibi bo‘lgan (2006-2007, 2007-2008), 2007 yilda Italiya Superkubogida zafar quchgan.

"Roma" ayni vaqtda Italiya chempionati jadvalida 26 o‘yindan 50 ochko jamg‘argan holda to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.

Franchesko Totti: Vaziyat o‘zgarmasa «Roma»da qola olmayman

Spalletti: «Tottiga Giggz kabi yordamchi murabbiy yoki Nedved kabi jamoa direktori bo‘lishni taklif qilganman»

Spaletti Tottini tarkibdan chiqardi va uyiga jo‘natib yubordi

Top