17:16 / 25.02.2016
8562

Samarqandda 4,3 million tup ko‘chat ekishga tayyorlandi

Samarqand viloyati mahallalari, ta'lim va tibbiyot muassasalarida “Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga – 25 tup ko‘chat” tashabbusi ilgari surilmoqda. Buning uchun esa viloyatdagi o‘rmon xo‘jaliklari, ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida kerakli miqdorda daraxt, buta va gul ko‘chatlari tayyorlandi. Bu haqida O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.

Samarqand viloyati markaziy o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonbegi G‘olib Ne'matovning aytishicha, tumanlardagi bo‘limlar, ishlab chiqarish uchastkalarida bugungacha 40 turdan ortiq 4,3 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekishga tayyorlab qo‘yildi. Shu kunlarda obodonlashtirish idoralari, agrofirma va fermer xo‘jaliklari, korxona, tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilib, ularga qrim qarag‘ayi, kashtan, yapon soforasi, archa, terak kabi manzarali, olma, o‘rik, gilos, shaftoli, olcha singari mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib berilmoqda. Xo‘jaliklarda dorivor va ozuqabop daraxt ko‘chatlari, rayhon va xorijdan keltirilgan bir necha turdagi gul ko‘chatlari ham tayyorlangan. Xodimlar ko‘chat yetishtirish bilan birga, uni ekish va parvarishlash bo‘yicha fermer xo‘jaliklari, bog‘bonlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Top