19:56 / 25.02.2016
4444

Vin Dizel ishtirokidagi "Uch iks-3" filmining taqdimoti sanasi ma'lum bo‘ldi

Paramount Pictures kompaniyasi bosh qahramonni Vin Dizel ijro etadigan "Uch iks-3: Ksander Keyjning qaytishi" filmi reliz sanasini ma'lum qilishdi. The Wrap nashrining xabar qilishicha, reliz 2017 yilning 20 yanvariga rejalashtirilgan. Uchinchi filmning rejissyori Di Jyey Karuzo bo‘ladi.

Eng birinchi "Uch iks" 2002 yilda taqdim qilingandi. "Uch iks-2: Yangi bosqich" nomini olgan keyingi qism esa 2005 yilda dunyo yuzini ko‘rgan.

Uchinchi filmda Vin Dizel bilan birga Semyuel L. Jyekson, Nina Dobrev, Toni Kollet suratga tushishadi. Bundan tashqari, filmda Bollivud yulduzi Dipika Padukone, xitoylik aktyor va qo‘shiqchi Kris Vu rol o‘ynashadi.

Shuningdek, filmni suratga olish ishlariga xitoylik aktyor va tryuklar sahnalashtiruvchisi Donni Yyen, tayvanlik aktyor va kaskadyor Toni Jaa, irlandiyalik aralash jang san'ati ustasi Konor Makgregor qo‘shilishadi.

Top