12:38 / 26.02.2016
30403

Misrda umrbod ozodlikdan mahrum qilingan 4 yoshlik bolaning ishi haqida batafsil ma'lumot berildi

2016 yilning ferval oyi o‘rtasida Misrda Ahmad Mansur Kurani Ali ommaviy tartibsizliklar, qotilliklar va jaholatda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga tortildi. Bir qaraganda, bu sud qarori e'tiborga molikmasdek tuyuladi, biroq bir vaziyat bo‘lmaganda: Ahmad bor-yo‘g‘i 4 yoshli bolakay. Uning bo‘yniga qo‘yilayotgan "jinoyat"lar amalga oshirilganda u 2 yoshga ham to‘lmagandi.

Oxir-oqibat Misr hukumati bolaga hukm noto‘g‘ri chiqarilganini tan oldi – uning o‘rniga uning adashi bo‘lgan o‘smir bola qamalishi kerak bo‘lgan.

Bolakayning tarixi haqida qolgan OAVdan ko‘ra CNN telekanali ko‘proq ma'lumot berdi, biroq telekanal bergan ma'lumotlardagi ko‘pchilik detallar boshqa manbalardagi ma'lumotlardan farq qiladi.

4 yoshli bolakay (CNN u 3 yoshda deb ta'kidlamoqda, biroq boshqa manbalarda u 4 yoshdaligi aytilgan) 16 fevralda Misr harbiy sudi tomonidan 2014 yil yanvarda Al-Fayyu shahridagi tartibsizliklarda ishtirok etgani uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan 116 kishidan biri bo‘lgan. Sudda ta'kidlanishicha, Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiyning tarafdorlari bo‘lgan bu mahbuslar 3 kishini o‘ldirishgan (boshqa manbalarda 4 yoki 8 kishi deyilgan) hamda davlat mulkiga ziyon yetkazganlar.

O‘sha vaqtda Ahmad 1 yoshdan sal kattaroq bo‘lgan. Birinchi marta bolani hibsga olish uchun tartibsizliklardan bir necha kun keyin kelishgan. Bolaning otasi politsiyaga go‘dak bolasini ko‘rsatganida uning o‘zini hibsga olishgan.

Bolaning otasi 4 oy hibsda ushlab turildi, keyin esa sud oldida javob berdi. Sud hakami bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini ko‘rib, bu xato bo‘lganini tushungan va erkakni qo‘yib yuborgan. Bu voqeadan keyin bolaning otasi yana hibsga olinishidan qo‘rqib, 1,5 yil yashirinib yurgan.

Biroq 1,5 yildan keyin, 2016 yil fevralida harbiy sud uni emas, balki kichkina Ahmadni qamoq jazosiga mahkum qildi. Sud jarayonida boshqa sudlanuvchilarning advokatlari Ahmadning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini tergovning noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatish uchun namoyish qilishgan, chunki ayblanuvchilarning ismlari tartibsizliklarning ertasigayoq ma'lum qilingan. Ishda ishtirok etgan huquqshunos Abu Qofning aytishicha, boladan tashqari ayblanuvchilar qatoriga o‘sha kuni mamlakatda bo‘lmagan odam ham kirib qolgan.

Ahmadga chiqarilgan hukm bunga OAV e'tibor qaratgandan keyin o‘zgartirildi. Tegishli idoralar o‘zining nohaqligini tan olgan va bola ham, uning otasi ham hibsga olinmasligiga va'da bergan. Aniqlanishicha, bolaning o‘rniga uning adashi Ahmad Mansur Kurani Sharar qidirilgan. U hozirda qayerdaligi noma'lum, shuning uchun unga hukm sirtdan chiqarildi. Qidirilayotgan Ahmadning yoshi 16 da.

Bu voqeadan keyin 4 yoshli Ahmad va uning otasi DreamTV xususiy telekanali efiridagi ko‘rsatuvda chiqish qildi. Bola otasining qo‘lida uxlab yotardi, otasi esa o‘zining hibsga olinishi va qamoqda saqlanishi haqida gapirib berdi. Oilaning advokati Id Said bu "xato" qanday yuz berganini aytib berdi: politsiyaga tartibsizliklarda ishtirok etgan Ahmad Mansur ismli kimsa muayyan ko‘chada yashashi aytilgan. Tergovda qidirilayotgan Ahmadning yoshi 16da ekanligi aytilgan, biroq aytilgan ko‘chada bunday ismli faqat bittagina odam, ya'ni 4 yoshli Ahmad yashagan.

Ko‘rsatuvga Misr ichki ishlar vaziri Abu Bakr Abdulkarim telefon qilib, ayblanuvchining ismida xatolikka yo‘l qo‘yilgani, bola va otasiga hech kim tegmasligini aytgan. Shuningdek, u politsiya tomonidan qidirilayotganlar orasida bolaning amakisi borligini aytgan.

Shouga, shuningdek, bolaning onasi ham telefon qilib, ularning uylariga hozirgina politsiyachilar kelib, uning eri va bolasi qayerdaligini surishtirishganini aytgan. Bolaning amakisi haqida ular hech narsa so‘rashmagan. Buni eshitgan bolaning otasi "Men hech narsa qilmadim. Ular mening bolamni olib qo‘yishlarini aytishdi. Hech kim uni olishga haqqi yo‘q. Tangrim, meni quvvatla", deb ho‘ngrab yig‘lab yuborgan.

Bu ko‘rsatuvdan keyin bolaning otasi kameralar nigohidan qochishni boshlagan. Aytilishicha, erkak o‘zi xohishi bilan emas, balki kimningdir buyrug‘i bilan shunday qilmoqda.

Misrda 3 yoshli bolakay umrbod qamoq jazosiga tortildi

Top