14:27 / 27.02.2016
4191

Klaudio Raneri: «Roma» – «Real» o‘yinida Ronalduni kuzatdim. U yomon futbolchi emas»

«Lester» jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri APLda ro‘y bergan qisqa tanaffus vaqtida o‘zi va shogirdlari bu vaqtni qanday o‘tkazishgani haqida so‘zlab berdi.

«Men futbolchilarga vaqtni o‘tkazish bo‘yicha jadval tuzib berdim. Ular bu ko‘rsatmamni hurmat qilgan holda, jadvaldan og‘ishmay ishlarini olib borishdi. Ular yaxshi dam olishsa, natijalar ham yaxshi bo‘ladi.

Futbolchilarimga ishonaman, chunki ular professionallardir. Yana bir bor takrorlayman, bu tanaffus bizning foydamizga ishladi. Raqiblar boshqa turnirlarda kuch sarflayotgan vaqtda biznikilar kuch to‘plab olishdi.

Futbolchilar uchun bu ham ta'til bo‘ldi.

O‘zim esa o‘ylash bilan band bo‘ldim. Yonimda hamisha noutbuk bo‘ladi. Men o‘zimning ishdan bo‘sh vaqtlarimda, oilam davrasida bo‘lganimda undan uzilmasdan ekranga qarab o‘tiraman.

O‘tgan haftada «Roma» va «Real» o‘yinini tomosha qilish uchun bordim. Krishtianu Ronalduning o‘yinini kuzatdim. Umuman olganda hali uning sport formasi yomon emas, yoshi o‘tayotgani ham bilinmaydi», – deydi Raneri.

Eslatib o‘tamiz, 14 fevral kuni o‘tkazilgan APLning 26 tur o‘yinida «Lester» «Arsenal»ga qarshi maydonga tushgan va oxirgi daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol tufayli 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. O‘tgan vaqt ichida APLda tur o‘yinlari o‘tkazilmadi, jamoalar xalqaro turnirlarda (YeChL va Yevropa Ligasi kubogi) hamda Angliya Kubogi va Angliya Ligasi Kubogi uchrashuvlarida ishtirok etdi. «Lester» esa kubok o‘yinlarini tark etgan va 2 hafta davomida dam olgan. Bugun jamoa «Norvich»ni o‘z maydonida qabul qiladi. «Tulkilar» ayni vaqtda 53 ochko bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlardagi «Tottehem» va «Arsenal» jamoalarini 2 ochkoga ortda qoldirgan holda turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

Top