09:54 / 27.02.2016
12264

O‘zbekistonda turli banklarning kartochkalari o‘rtasida pul o‘tkazish mumkin bo‘ldi

Markaziy bank va O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi banklararo chakana to‘lov tizimida mijozlarga xizmat ko‘rsatishda “so‘m” plastik kartochkalari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishda bank va nobank kredit tashkilotlari amal qilishi lozim bo‘lgan tariflarning yangi rejasini ishlab chiqdi.

Ushbu talablar O‘zbekiston prezidentining «Bank plastik kartochkalari asosida hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori doirasida qabul qilindi.

“Joriy yilning 1 martidan kuchga kiradigan yangi tarif rejasiga ko‘ra, banklar tomonidan jismoniy shaxslarning plastik kartochkalari hisobvarag‘idagi qoldiq mablag‘larga hisoblanadigan foizlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasi (9 foiz)dan kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi", - dedi Markaziy bankning Pul muomalasi departamenti direktori o‘rinbosari Faxriddin Boboyev.

U hozirga qadar plastik kartochkadagi qoldiq mablag‘lar tijorat banklari tomonidan Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining yillik 1 foizi miqdorida kapitallashtirib kelinganini eslatib o‘tgan.

Endilikda jismoniy shaxslar plastik kartochkalarining (ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya va oilaviy kartochkalar, shu jumladan korporativ kartochkalar) foydalanish muddati tugaganda qayta emissiya qilishda (almashtirishda) bank xizmati haqi undirilmasligi qat'iy belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, bank emitentidan qat'i nazar, jismoniy shaxsning plastik kartochkasidagi mablag‘lar boshqa bir jismoniy shaxs plastik kartochkasiga o‘tkazilganda yoki kirim qilinganda bank xizmati haqi undirilmaydi.

“Buni oddiy qilib aytsak, - deya davom etdi F.Boboyev, - A bankning mijozi o‘z plastik kartochkasidagi pullarni B bankning mijozi bo‘lgan shaxs plastik kartochkasiga istalgan hududda o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi. Hozirga qadar bu tarzda, ya'ni bir bankning mijozi ikkinchi bir bank mijoziga pul o‘tkazishi texnik sabablarga ko‘ra amalga oshirilmas edi. Bu kabi qulaylik, shubhasiz, naqd pulga bo‘lgan talabni kamaytirib, pul aylanishining tezlashishiga sharoit yaratadi”.

Shuningdek, yangi tariflar rejasida tadbirkorlik sub'yektlariga ham qator qulayliklar yaratilgan. Masalan, ular uchun korporativ plastik kartochka emissiya qilinganda bank xizmati haqi Markaziy bank rasmiy kursi bo‘yicha 5 yevrogacha pasaytirildi. Ilgari bu miqdor mijoz bilan kelishuv asosida 20 yevrogacha etib belgilangan edi.

Yangi tariflardagi yana bir o‘zgarish yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorning shikastlangan va yo‘qotilgan korporativ kartochkalari bilan bog‘liq. Yaroqsiz va yo‘qolgan korporativ kartochkalar yangisiga almashtirib berilayotganda bank 10 yevrogacha (ilgari 25 yevrogacha) xizmati haqi undiradi.

F.Boboyevning ta'kidlashicha, banklar tomonidan plastik kartochkalar asosida hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga yaratilayotgan qulayliklarni kengaytirish borasidagi izlanishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

Top