14:01 / 29.02.2016
2018

Janubiy Koreya 2016 yilda kosmik dastur uchun 603 million dollar sarflaydi

Koreya Respublikasi 2016 yilda kosmik dastur uchun 746.4 milliard von (603 million dollar) sarflaydi. Bu haqida Fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilmiy prognoz vazirligi xabar berdi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda 200 milliard von (160 million dollar) oy modulini uchirish uchun ajratiladi. Xabarda ta'kidlanishicha, «uch yillik loyiha dasturning birinchi davri bo‘lib, 2020 yilda Yerning tabiiy yo‘ldoshiga qurilma jo‘natish dasturning oxirgi maqsadi hisoblanadi».

Butunlay milliy texnologiyalardan yaratilgan lunoxod (oyda harakatlanuvchi qurilma) kamyob minerallarni oy sathidan qidiradi, deyiladi e'londa.

«Bugungi kunda kosmik texnologiyalar nafaqat ilmiy-texnik rivojlanish qay darajada ekanligini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan usul, balki iqtisodiy rivojlanishga turtki beruvchi omil ham hisoblanadi», deb ta'kidlaydi vazirlik.

Tashkilotdagilarning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada ular NASA amerika aerokosmik agentligi bilan kelishuv imzolashni rejalashtirishgan. Bundan tashqari, Cholla-Pukto viloyatidagi «Naro» kosmodromini ham yangilash rejaga kiritilgan.

Janubiy Koreya 2013 yilda o‘zi yaratgan raketa-tashuvchisida sun'iy yo‘ldoshni uchurish orqali dunyodagi kosmik mamlakatlar klubiga kirgan.

Top